Samarqandlik 7 nafar sobiq mahkum Navro‘zni oilasi bag‘rida nishonladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmon bilan 140 nafar, shu jumladan, 7 nafar samarqandlik fuqaro afv etildi. Ya’ni, shuncha jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan fuqaroning qilmishi kechirildi.
Afv etilganlar orasida jazodan to‘liq ozod etilgan, ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan, shuningdek, tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilganlar ham bor. Samarqandlik 7 nafar nazoratdagi shaxslar muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.
Qayd etish lozimki, afv etilganlarning deyarli barchasi giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum qilingan.
Mazkur fuqarolarning 6 nafari erkak, bir nafari ayol kishi. Ya’ni, bir nafari asli qo‘shrabotlik, 3 nafar Samarqand hamda 3 nafar Urgut tumanlaridan bo‘lgan sobiq mahkumlar Navro‘z bayramini o‘z yashash manzillarida nishonlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilib, oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytgan mazkur fuqarolar bundan keyin jinoyat yo‘liga kirmasligi, ijtimoiy muhitga moslashib sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashiladi.
Nodir Karimov,
viloyat IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori, kapitan.