Samarqandlik jasur yigitlar millat fidoyilari bo‘lgan

2000 yilda Surxondaryo viloyatining Uzun va Sariosiyo tumanlarida terroristlarga qarshi janglarda mardonavor fidokorlik ko‘rsatgan harbiylarimiz orasida bir necha nafar samarqandlik jasur yigitlar ham bor edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yaqinda ana shunday mard o‘g‘lonlar xotirasiga bag‘ishlangan “Millat fidoyilari” nomli kitob nashr etildi.

Mazkur to‘plam Mudofaa vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati hamkorligida tayyorlandi. Kitobda istiqlol yillarida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini muhofaza etish yo‘lida halok bo‘lgan harbiylarimizning jasoratli hayot yo‘li va porloq xotirasi aks etgan.

Xususan, 2000 yilda Surxondaryo viloyatining Uzun va Sariosiyo tumanlarida terroristlarga qarshi janglarda mardonavor fidokorlik ko‘rsatgan harbiylarimiz haqida so‘z boradi. Ular orasida Kattaqo‘rg‘onlik Ulug‘bek Barnoyev, Sayyod Sadinov, bulung‘urlik Ma’ruf Rajabov va nurobodlik Ismatilla Xo‘jayev kabi jasur yigitlar ham bor.

Shu munosabat bilan tumanlarda kitob taqdimoti va xotira tadbirlari o‘tkazildi. Ularda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev, kitobga kiritilgan qahramonlarimizning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etib, mard o‘g‘lonlar qahramonligi va millatga sadoqati haqida fikr bildirdi.

“Millat fidoyilari” — vatanparvarlik, mardlik va sadoqat timsoli bo‘lgan asar bo‘lib, har bir yosh harbiy, ofitser va serjant uchun ibrat maktabi sanaladi.

G‘ofirjon BOBOBEKOV.