Samarqandlik tadbirkor va turizm sohasi vakillari xitoylik ishbilarmonlar bilan yangi loyihalar imzoladi
Shu kunlarda Samarqand viloyati va bir qator tuman hokimligi vakillari, boshqarmalar boshliqlari, turizm sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Xitoy davlatida bo‘lib turibdi.
Iqtisodiy, madaniy va sayyohlik sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tashrifda delegatsiya a’zolari dastlab 3100 yildan ortiq tarixga borib taqaladigan Sian shahrida bo‘lishdi. Ta’kidlash lozimki, Buyuk ipak yo‘li ming yildan ko‘proq vaqt davomida Xitoydagi qadimiy qirollik poytaxti bo‘lib qolgan Sian shahridan boshlangan.
Viloyat turizm sohasi vakillari VII asrdagi Daming saroyining asl darvozasi xarobalari saqlanib qolgan Danfeng darvozasi tarixiy muzeyida bo‘ldi va o‘zaro tajriba almashdi. Ushbu muzeyda Samarqand viloyatining turistik salohiyatini keng yoritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Siandagi «Silk Road Happy World» xalqaro madaniy aloqalar va almashinuvlar bog‘i rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida ushbu bog‘da Samarqand shahrining madaniyat va turizm sektorini ochish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Sichuan viloyati tashqi ishlar departamentida esa Sichuan va Samarqand viloyatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik bo‘yicha simpozium bo‘lib o‘tdi.
Chjanszyakou shahrining elektr tarmog‘i rahbari hamrohligida «Zhangjiakou» quyosh elektr stansiyasi korxonasiga qilingan tashrifda Ishtixon tumani hokimligi vakillari kompaniyaning ishlab chiqarish faoliyatiga alohida qiziqish bilan tanishdi. Uchrashuv davomida tuman hokimi Fazliddin Ro‘ziyev «Zhangjiakou» kompaniyasining bosh menejeri Du Huayi bilan Ishtixonda sifatli, arzon va qulay quyosh elektr stansiyasi qurilishi bilan bog‘liq bir qator hamkorlik masalalarini muhokama qildi.