Samarqandlik tadbirkorlar yerto‘ladan nima maqsadda foydalanmoqda?

Odatda, ko‘pchilik muzlatkichli omborni katta maydonda, yerning yuzasida alohida bino sifatida quradi. Ammo yaqinda Samarqand tumanida ko‘rganimiz shu kabi inshoot katta binoning yerto‘lasida tashkil qilingan.

– Faoliyat yo‘nalishimiz – tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishdan iborat, – deydi Samarqand tumanidagi “MARJONA DIYOR TEKSTIL” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori A.Hakimov. – Lekin korxona uchun bino qurayotganda yerto‘ladan ham samarali foydalanib, muzlatkichli ombor tashkil etishga qaror qildik. Bu maqsad uchun Xalq bankidan 450 ming dollar kredit olib, xorijdan eng so‘nggi rusumdagi uskunalarni keltirib o‘rnatdik. Umumiy sig‘imi 1140 tonna bo‘lgan 11 ta kamerada o‘tgan yildan boshlab, mahsulot joylashtirdik. O‘zimiz 360 tonna uzum va sabzavot saqlab xorijga 380 ming dollarlik mahsulot eksport qildik. Shuningdek, shartnoma asosida boshqa fermer va tadbirkorlarning qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlab berdik. Endi asosiy faoliyatimizni ham yo‘lga qo‘yib, joriy yilning sentyabr oyidan tekstil ishlab chiqarishni boshlaymiz. Yaqinda Xitoydan zamonaviy tikuv dastgohlari keltirdik. Korxona ishga tushishi bilan 150 nafar yoshlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.