Samarqandlik taniqli tadbirkor «Umar» bilan bog‘liq sud ishi qachon bo‘lishi ma’lum qilindi

Bu haqda viloyat sudlari tomonidan tashkil qilingan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, uyushgan jinoiy guruh a’zolari bilan oldindan til biriktirib, uyushgan va uning manfaatlarini ko‘zlab, takroran aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan 188 nafar jabrlanuvchining jami 44 milliard 647 million 929 ming so‘mlik, shu jumladan, 726 ming 850 AQSh dollarlik juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini talon-taroj qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki sud majlisi 15 iyul kuni soat 11:00 da bo‘lib o‘tadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisida besh nafar sudlanuvchilarning 29 milliard 830 million 649,3 ming so‘mlik pul mablag‘larini jamiyatga xizmat ko‘rsatuvchi bank muassasalariga topshirmasdan hamda jamiyatga kirim qilmasdan savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzishda aybliligi masalasi ko‘rib chiqiladi.

Sudlanuvchilar shuningdek, muayyan majburiyatdan ozod etadigan, jamiyat va xaridorlar o‘rtasida rasmiylashtirilgan «Tovar moddiy boyliklari topshirish-qabul qilish» dalolatnomalarini takroran qalbakilashtirish hamda «Tovar moddiy boyliklari topshirish-qabul qilish» dalolatnomalari qalbaki ekanligini bila turib, ulardan takroran foydalanish, 15 milliard 978 million 31,3 ming so‘mlik mol-mulklarni legallashtirishda ayblanmoqda.

Mazkur jinoyat ishi sudning ish yurituviga 2019 yil 11 iyun kuni kelib tushgan.