Samarqandlik ulamolar metropoliten qurilishida vafot etganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi

18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi oqibatida 6 nafar yurtdoshlarimiz qurbon bo‘lgan edi.

Ularning ikki nafari Samarqand viloyatidan bo‘lib, ular Oqdaryolik Ixtiyor Rahmatov va Past Darg‘omlik Zarif Karimovlardir. Ushbu fojiada halok bo‘lganlarning haqlariga duo qilish, mag‘firat so‘rash va yaqinlariga tasalli berish barchamizning insoniy burchimiz sanaladi.

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov va viloyatdagi bir guruh ulamolar marhumlarning xonadonida bo‘lib, ularning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Qur’on tilovati qilinib, Yaratgan parvardigordan halok bo‘lganlarning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylarini jannat bog‘laridan bir bog‘ qilishini iltijo qilib so‘raldi. Marhumlarning oila a’zolari va yaqinlarining musibatlariga sherik ekanliklarini bildirgan holda ularga sabru jamil tilab, o‘tganlarning haqlariga doimo duoda bo‘lishlarini bildirdilar.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati.