Samarqandning metall konstruksiyalari Yaponiya, BAA, Singapurga eksport qilinmoqda
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) tomonidan tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi “Sazag‘on” massivida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
- Biznes ombudsmanning viloyatdagi xodimlariga yil boshidan buyon 242 ta murojaat kelib tushgan va ularning 158 tasi qanoatlantirilgan, 6 tasi tegishli idoralarga yuborilgan, 58 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan va 20 tasi o‘rganilmoqda, - deydi Biznes-ombudsman vakili Nodir Namozov. - “Urgut” EIZdagi korxonalar bo‘ylab press-tur tashkil etilishi ham bejiz emas. Chunki mazkur tuzilma yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni kengaytirishda, ish o‘rinlari yaratish, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlarni ko‘paytirishda o‘ziga xos yondoshuvni shakllantirdi.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2022 yilda iqtisodiy zona sub’yektlari tomonidan qiymati 328 million dollarlik 77 ta loyiha ishga tushirildi va 5587 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Ular tomonidan 4855 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib 114,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Shuningdek, o‘tgan yili 28,7 million dollarlik 17 ta qo‘shimcha loyiha ishga tushirilishi natijasida ming nafarga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi va byudjetga 629 milliard so‘m tushum ta’minlandi. Joriy yil boshidan buyon 77 ta loyiha ishga tushgan bo‘lsa, yil yakunigacha yana 58 ta korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, Urgut” EIZda 2023 yilda qo‘shimcha 228,1 million dollarlik (shundan 72,3 million dollar xorijiy investitsiya) 12 ta loyiha ishga tushiriladi va mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Dastlabki manzilimiz iqtisodiy zona tarkibidagi “MIRANKUL CONSTRUCTION MATERIALS LTD” MChJda shit korpuslari, metall shkaflar, qora metalldan yasaladigan boshqa turdagi turli xil mahsulotlar, kabel yo‘laklari, shamollatish tizimlari, binoning tashqi, poydevor va katta o‘lchamdagi yengil konstruksiyali soyabonlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqaradi.
- 2018 yilda 10 nafar ishchi bilan metallga ishlov berishni yo‘lga qo‘yib, xorijdan import qilinadigan yuqoridagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni boshladik, - deydi korxona rahbari Nuriddin Hamroqulov. – Hozirda ishchilar soni 160 nafarga yetdi va 2022 yil yakuni bilan ishlab chiqarish hajmi 6 barobarga oshdi. Mahsulotimizning 70 foizi eksport qilinadi. Birgina o‘tgan yilda korxonamizda ishlab chiqarilgan 18 million dollarlik mahsulotni Yaponiya, BAA, Singapur kabi xorij bozorlariga sotdik.
Hududdagi yana bir yirik korxona - “TESPACK INVESTMEN” MChJda zamonaviy maishiy texnika vositalari, alyuminiy radiatorlar ishlab chiqarilmoqda. 3,3 million dollar sarmoya yo‘naltirilgan korxonada 50 nafar ishchi bugungi kunda yiliga 330 ming dona alyuminiy radiator, 10 ming dona zamonaviy maishiy texnika ishlab chiqariladi.
“SCHELKOVO AGROHIM-O‘ZBEKISTON” qo‘shma korxonasida esa o‘simliklarni begona o‘t va hasharotlardan kimyoviy himoyalash vositalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Qiymati 22 million dollarlik loyihani amalga oshirish deyarli to‘liqligicha xorijiy sarmoya asosida amalga oshiriladi. Joriy yilning ikkinchi yarmida ishga tushirilishi rejalashtirilgan korxonada yiliga 120 ming litr inseksid, fungitsid, urug‘ dezinfektantlari, 60 ming litr rodensidlar, 58 ming litr defoltiant, 62 ming litr o‘simlikni o‘stiruvchi regulyator kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi va 200 nafar aholi ish o‘rniga ega bo‘ladi. Asosiysi, O‘rta Osiyoda yagona bu korxonaning 30 foiz mahsuloti ichki bozorga yo‘naltirilsa, 70 foiz mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan.
O‘ktam Xudoyberdiyev.