Samarqandning yangi “havo darvozasi” ishga tushdi

Prezidentimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida 2019 yilning iyul oyida Samarqand shahrida sayyohlar hamda tijorat uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi loyihadagi aeroport qurilishi boshlandi. Bugun, 18 martda Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” kitobining ochiq holdagi qiyofasidagi Samarqand xalqaro aeroporti foydalanishga topshirildi.

Ochilish tadbirida Bosh vazir o‘rinbosari O.Ramatov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Transport vaziri I.Mahkamov, “Uzbekistan Airports” boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva, viloyat faollari, deputatlar, ziyolilar, jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

- Umumiy qiymati 170 million dollar bo‘lgan mazkur aerovokzal yurtimizdagi eng yirik aeroportlardan biriga aylanadi hamda ushbu “havo darvozasi”da 17 ta yangi xalqaro yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yiladi, - dedi O.Ramatov. - Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan mazkur aeroport quvvati jihatidan Markaziy Osiyo yetakchilaridan bo‘ladi. Samarqand xalqaro aeroportini yirik transport xabiga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Bunda mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar soni haftasiga 7 tadan 20 tagacha, geografiyasi 4 ta yo‘nalishdan 5 taga oshiriladi. Xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar soni haftasiga 25 tagacha, geografiyasi 4 ta yo‘nalishdan 8 tagacha ko‘paytiriladi. “Ochiq osmon” rejimini joriy etish hisobiga 8 ta xorijiy aviakompaniyani jalb qilish va 17 ta yangi muntazam xalqaro yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutiladi.

Eski aeroport soatiga 200 ta yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, yangi binoda soatiga mingta yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. O‘chish-qo‘nish yo‘lagi 3200 metrga kengaydi, kuniga 70 ta reys va bir vaqtning o‘zida uzoq reyslarni amalga oshiradigan 26 ta samolyotni qabul qilish imkoni yaratildi. Qurilish ishlari “Inter inginiring” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Yangi aeroportda xorijlik sayyohlar hamda ziyoratchilar uchun zamon talablari darajasida xizmat ko‘rsatish va qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

- Kommunikatsiyasi rivojlangan mamlakatlarda aeroportlar shahar markaziga qulay joyda barpo etilishi inobatga olinib, Samarqand xalqaro aeroportidan ko‘hna shaharga kirib borish yo‘li butunlay yangilandi, - deydi viloyat hokimi E.Turdimov. - Endilikda yo‘lovchi-sayyohlar aeroport oldigacha shaxsiy va jamoat transportida kelish imkoniyati yaratildi. Yo‘lovchilar tomonidan eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘lgan holat - hujjatlarni rasmiylashtirishda uzundan-uzun navbatlarga, yuklarni nazoratdan o‘tkazishda soatlab kutishlarga barham beriladi.

Samarqand xalqaro aeroportida bu ishlar endi so‘nggi rusumdagi raqamli texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi. Yangi aeroportda zamonaviy radioaloqa va yoritish tizimi qurildi, 4 ta yangi trap tayyorlandi. Hududda 70 ta samolyot, 700 ta yengil avtomobillar uchun maxsus bekatlar qurildi.

Turistlar oqimni ko‘paytirish maqsadida Samarqand xalqaro aeroporti mahalliy temiryo‘l va avtobus qatnovlariga bog‘langan, ilk bor xususiy boshqaruvga berilgan yangi terminalga aylanmoqda. Ushbu terminalga davlat tomonidan hamkor sifatida “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati ishtirok etayotgan bo‘lsa, xususiy hamkor va kompaniya boshqaruvchisi bo‘lib “Air Marakanda” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishtirok etmoqda.

- Aeroport eng yangi texnologiyalar bilan ta’minlangan, - deydi aeroport bosh direktorining operatsion faoliyat bo‘yicha o‘rinbosari Hilmi Yilmaz. - Misol uchun, bagaj sistemasi tez va sifatli xizmat ko‘rsatish, ro‘yxatdan o‘tish ustunlari va ko‘priklarimizda eng so‘nggi texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Yo‘lovchilar uchun bolalar maydonchasi, ibodatxona, kutish zali va boshqa xizmatlar bor.