SamDAQI talabalarining loyihalari va magistrlik dissertatsiyalari xalqaro festivalda e’tirof etildi

Joriy yilning 14-17 noyabr kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida Yevrosiyo mamlakatlari arxitektura-qurilish va dizaynerlik muassasalarining IX xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi va Qozog‘iston arxitektura-qurilish bosh akademiyasi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur anjumanda Rossiya, Gruziya, Moldova, Vengriya, Bolgariya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Litva, Italiya, Xitoy davlatlari arxitektura-qurilish va dizaynerlik maktablarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashdi.

Festival doirasida Toshkentda eng yaxshi bitiruv ishlarining xalqaro ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Tanlov ishtirok etgan bitiruvchilarning o‘z fikrini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifoda etish, iqtidorini namoyish qilish va kelgusidagi kasbiy faoliyatiga kirishishi uchun imkoniyat yaratdi.

Xalqaro tanlovda Yevropa va Osiyo mamlakatlarining 56 ta oliy ta’lim muassasalarining 383 nafar talabalari tomonidan tayyorlangan bitiruv malakaviy ishlari namoyish etildi.

Tadbir davomida talabalarning eng yaxshi loyihalari va magistrlik dissertatsiyalari baholandi. Unda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti talabalari A.Dolgopolova, B.Xolmurodov, M.Ahmedova, M.Rahmatova, Y.Sharipova, F.Muzropovalar II va III darajali diplomlarni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, festivalda SamDAQI bilan Qozog‘iston bosh arxitektura va qurilish akademiyasi, Novosibirsk davlat arxitektura va qurilish universiteti, Qirg‘iziston davlat qurilish, transport va arxitektura universiteti, Volgograd davlat texnika universiteti, Ozarbayjon arxitektura-qurilish universiteti, Bishkek shahridagi xalqaro innovatsiya texnologiyalari universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomalari va memorandumlar imzolandi.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti axborot xizmati.