SamDTI Moskva ilmiy-tekshirish klinik instituti bilan hamkorlik qiladi

Moskva ilmiy-tekshirish klinik institutining (MONIKI) rasmiy delegatsiyasi Samarqand davlat tibbiyot institutida bo‘ldi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari bilan kengaytirilgan muzokaralar olib borildi.

SamDTI rektori J.Rizayev va MONIKI rahbari K.Sobolev boshchiligidagi guruh a’zolari munosabatlarning yuqori bosqichga ko‘tarilganini e’tirof etdi. Institutdagi sharoitlar bilan tanishish davomida, delegatsiya a’zolari yurtimizda ta’lim jarayonlariga berilayotgan e’tiborni yuqori baholadi.

Rossiyaning mazkur ilmiy-tekshirish instituti shifokorlar malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash, ilmiy-tadqiqot izlanishlari o‘tkazish, ilg‘or innovatsion davolash-tashxislash usullarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha 175 yillik tajribaga ega markaz hisoblanadi.

Hamkor oliygohlar yuqori malakali tor mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlar tayyorlash va uzluksiz kasbiy ta’lim bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlashni tashkil etish, ta’lim jarayonlariga o‘qitishning kredit-modul tizimini joriy etish, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi innovatsiyalarni jahon darajasida rivojlantirish va ularning global ilmiy maydonga integratsiya qilishni rejalashtirdilar.

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati.