SamDTUda talabalar va yosh olimlarning xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda olimpiadasi uyushtirildi
Bugun Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” talabalar va yosh olimlarning an’anaviy 76-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda “Stomatologiyada estetik restavratsiya mahorati” II xalqaro ilmiy-amaliy olimpiadasi tashkil etildi.
Xalqaro anjumanda Turkiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Gruziya, Qozog‘iston, Ukraina, Belarus, Pokiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekistonning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tekshirish institutlari talabalari va yosh tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Konferensiyaning tantanali ochilish marosimida oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatovlar ishtirok etdi.
Samarqand davlat tibbiyot universitetining xalqaro hamkorligini kengaytirish maqsadida xalqaro anjuman ishida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan I.Kant nomidagi Baltika federal universiteti (Kaliningrad, Rossiya) rektori Aleksandr Fedorov bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Xalqaro konferensiyaning asosiy ishi shu’balar yig‘ilishida davom etilib, ularda jamoat salomatligi, tibbiyotda gumanitar fanlar, ichki kasalliklar, kardiologiya, nevrologiya, psixiatriyaning dolzarb masalalari kabi dolzarb mavzularga bag‘ishlangan 34 OTM talabalari va yosh olimlarining 270 dan ziyod ma’ruzalari tinglandi.
“Stomatologiyada estetik restavratsiya mahorati” II xalqaro ilmiy-amaliy olimpiada ishtirokchilari 3 bosqichda o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Xalqaro hay’at a’zolari tomonidan yosh tadqiqotchilarning nazariy bilimlari test topshiriqlarini bajarishda, og‘zaki savol-javob va tishlarni restavratsiyalash orqali amaliy ko‘nikmalarni bajarishlari xolisona baholandi.
Xalqaro konferensiya doirasida Samarqand davlat tibbiyot universitetining IT-inkubatsion Markazining tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Bugungi kunda globallashuv tendensiyalari davlatlar taraqqiyotini bevosita axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lishini taqozo etmoqda. Shuning uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlari IT ekotizimini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratmoqda.
Universitetda IT-inkubatsion markazining ochilishi, albatta, iqtidorli talabalarning g‘oyalari va ctartap loyihalarini rag‘batlantirishga, universitetni mamlakatimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasasi sifatida faol ishtirokchisiga aylantirishga, axborot raqamlashtirishning jadal rivojlanish sur’atlariga hissa qo‘shishga turtki bo‘ladi.
Konferensiya ishi ikki kun davom etadi.