Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati 2 817 holatda tadbirkorlar huquqlarini buzganligi aniqlandi, shundan 639 tasi Samarqandda
Biznes-ombudsman tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida o‘tkazilgan o‘rganishlarda 2 817 holatda tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Jumladan, 1 814 holatda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq qonunchilik talablari buzilgan. Hududlar kesimida eng ko‘p yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlari:
➖Samarqand viloyatida (639 ta),
➖ Jizzax viloyatida (598 ta),
➖ Namangan viloyatida (363 ta) uchragan.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqishda 612 holatda huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bundan tashqari, 363 holatda tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonunchilik talablari va belgilangan muddatlarga amal qilinmagan.
Qayd etilgan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 278 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olish hamda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi yuzasidan taqdimnoma kiritildi.