Biznes-ombudsman aralashgach, tadbirkorga kredit ajratildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman)ga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini tekshirish amalga oshirilayotganda ularni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va boshqa bir qator vazifalar yuklatilgan.

Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari ham ushbu vazifalardan kelib chiqib hamda tadbirkorlarning murojaatlari asosida ularning huquq va manfaatlarini himoya qilib kelmoqda.

Joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida bizga tadbirkorlik sub’yektlaridan 231 murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 61 tasi qanoatlantirildi, 140 tasiga tegishli tartibda huquqiy tushuntirish berildi, 20 murojaat tegishliligiga ko‘ra boshqa idoralarga yuborildi.

Murojaatlarning 30 foizi yer va binolar bilan bog‘liq masalalarga, 12 foizga yaqini soliq munosabatlariga, 8 foizi shartnomaviy munosabatlarga, 5 foizdan ortig‘i kredit va banklar faoliyatiga tegishli bo‘ldi.

Jumladan, “Agro golden finans” mas’uliyati cheklangan jamiyati bir necha oydan buyon “Mikrokreditbank” Kattaqo‘rg‘on shahar filiali tomonidan kredit berilmay kelayotganligi haqida murojaat qildi. Murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, tadbirkorga qisqa muddatda 2,5 milliard so‘m miqdoridagi kredit ajratish chorasi ko‘rildi. Xuddi shunday murojaat asosida shu bank muassasasidan “Usta Aminjon invest” MChJga ham 750 million so‘m kredit ajratilishi ta’minlandi.

Shodibek Hamroyev,

Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori.