Biznes-ombudsmanga tadbirkorlar asosan qaysi masalalarda shikoyat qilmoqda?

Samarqanddagi MChJlardan biri litsenziya olish yuzasidan murojaati Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi xodimi tomonidan noqonuniy rad qilinayotgan. Bu haqda tadbirkor Biznes-ombudsmanga shikoyat qilgan.
Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatidagi yetakchi inspektori Jasur Tursunovning zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, murojaat o‘rganilganda, tadbirkorning murojaati “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun talabiga zid ravishda rad qilinganligi aniqlangan. Natijada aybdor xodimga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilishi hamda tadbirkorga tegishli litsenziya rasmiylashtirib berilishi ta’minlangan.

Shuningdek, yana bir MChJning unga berilgan ruxsatnomalar viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan bir taraflama bekor qilinganligidan norozi bo‘lib yozgan murojaati ham Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatidagi inspektorlari o‘rganilib, boshqarmaning noqonuniy chiqarilgan qarori bekor qilingan hamda tadbirkorga berilgan ruxsatnomalar o‘z kuchida qoldirilgan.

Jumladan, Tadbirkor virtual ofisi orqali ko‘rib chiqish uchun yuborilgan murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqmaganligi, shuningdek murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibiga rioya qilmaganligi bois “Agrobank” va “Garantbank”larning hududiy filiallari mansabdor shaxslariga nisbatan jarima ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Jasur Tursunovga ko‘ra, yilning sakkiz oyida Biznes ombudsmanga viloyat miqyosida 336 ta murojaat tushgan va ularning 295 tasi ko‘rib chiqilib, 95 tasi qanoatlantirilgan. Murojaatlarning asosiy qismi yer va binolar, soliq munosabatlariga oid, sud qarorlari, sud va boshqa organlar qarorlarining ijrosi, ruxsatnomalar, litsenziyalar va hujjatlarni rasmiylashtirish, bank, moliya va kredit masalalari, infratuzilma, surishtiruv-tergov bilan bog‘liq bo‘lgan.

Davlat idoralarida o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar, shuningdek murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra tadbirkorlarning huquqlarini buzgan 20 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, vakolat doirasida ma’muriy javobgarlikka tortish haqida qarorlar qabul qilingan. 104 nafar shaxsga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huqqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar ko‘rib chiqish uchun sud va boshqa idoralarga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida boshqa sohalar qatorida Biznes-ombudsman oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yilgan edi.

Jumladan, ikki oy muddatda Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga nisbatan jazo chorasini qo‘llamaslik, soliq jarimalari miqdorini ular tomonidan to‘lanayotgan soliq miqdoriga mutanosib ravishda belgilash bo‘yicha Adliya vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlarning takliflarini chuqur o‘rganib, tekshiruvlarning muddatlarini qisqartirish, moliyaviy xato va kamchiliklarning minimal chegaraviy miqdorini belgilash, tekshiruv jarayonlaridan tadbirkorni xabardor qilish va shikoyatlarni ochiq-oshkora ko‘rib chiqish bo‘yicha qonun loyihalarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.