Shahar hokimining qarori bekor qilindi,  64 nafar mansabdor jarimaga tortildi

Biznes-ombudsmanning viloyatdagi xodimlariga joriy yilning 5 oyida tadbirkorlardan 235 ta murojaat keldi va ularning 203 tasi ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 72 tasi ijobiy hal etildi, 131 tasiga normativ-huquqiy hujjatlar­ga havolalar qilingan holda tushuntirish berildi.

Murojaatlarni sohalar kesimi­da tahlil qilsak, 60 ta ruxsatnoma, litsenziya va hujjatlar rasmiy­lashtirish, 40 ta yer ajratish va kompensatsiya, 36 ta bank-kredit, 28 ta surishtiruv-tergov masalasi, 18 ta soliq, 10 ta sud qarorlari va 43 tasi boshqa masalalarni tashkil etdi. Mu­rojaatlar hamda tahlillar asosida tadbirkorlarning buzilgan huquqla­rini tiklash yuzasidan davlat organ­lariga 76 ta ta’sir choralari qo‘lla­nildi (8 ta taqdimnoma, 4 ta da’vo ariza va 64 ta ma’muriy bayonnoma).

Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 2020 yil 28 fevraldagi qarori bilan “KURGAN BROTHERS INVEST” MChJga zamonaviy loyihalar asosida yengil konstruksiyali avtobekat tashkil etish uchun yer maydoni ajratish hamda qurilishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori Yer kodeksi, «Ma’muriy tartib-taomil­lar to‘g‘risida»gi Qonun talablariga zid ravishda bekor qilingan. Shu bois, shahar hokimining 2021 yil 11 yanvardagi qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo ariza kiritildi.

Shuningdek, Biznes-ombudsmanning viloyatdagi xodimlari aralashuvi bilan tadbirkorlik faoliyati uchun 3 milliard so‘mdan ortiq kredit ma­blag‘i ajratilishi ta’minlandi.

Misol uchun, Paxtachi tumanida faoliyat yurituvchi "Paxtachi avtotex" MChJ rahbari A.To‘raqulovning muro­jaatiga asosan, jamiyatga 4 kun ichi­da AT Xalq bankidan 1 milliard 960 million so‘m kredit ajratildi.

Bundan tashqari, nazorat qi­luvchi organlarning tadbirkorlar huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi o‘rganilib, 3 203 ta qonunbuzilish holatlari aniqlan­di. Buning natijasida 64 nafar mansabdor shaxsdan 81 million so‘m jarima undirildi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarida noqonu­niy tekshirish o‘tkazgan 8 ta nazorat qiluvchi organning 44 nafar mansab­dor shaxslari (soliq idoralaridan 17 nafar, ekologiya va atrof-muhit­ni muhofaza qilish inspeksiyasidan 12 nafar, kadastr agentligidan 5 nafar, agroinspeksiyadan 3 nafar, kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasidan 3 nafar, sa­nitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatidan 2 nafar, qurilish idorasi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasidan 1 nafar) ga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi.

Misol uchun, 2021 yil 3 mart kuni kadastr agentligi Samarqand tumani bo‘limining 2 nafar rahbar xodim­i “Karvon-Fayz” MChJ faoliyati­da noqonuniy tekshirish o‘tkazganli­gi uchun ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Sud qarori bilan ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari - 9 million 800 ming so‘m­dan jarima jazosi qo‘llanilgan.

Sh.Hamdamov,

Biznes-ombudsman yetakchi inspektori.