Biznes-ombudsman: Tadbirkor hisobraqamiga qo‘yilgan taqiq ikki kunda olib tashlandi

Bugungi kunda tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga davlat organlari asossiz aralashuvining oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman)ning roli oshib bormoqda.

2020 yil davomida bizga Samarqand viloyatidagi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 300 dan ortiq murojaat kelib tushdi va ularning 95 tasi qanoatlantirildi. 186 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, 21 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa idoralarga yuborilgan, 14 tasi ko‘rib chiqish jarayonida.

Murojaatlarning asosiy qismi kredit ajratish, litsenziya berish, infratuzilma va boshqa masalalarga tegishli bo‘ldi.

Misol uchun, “Ismatillo savdo servis” MChJ rahbari Bulung‘ur tumanida siqilgan tabiiy gaz sotish shoxobchasini ishga tushirish maqsadida litsenziya olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Masala belgilangan tartibda o‘rganilib, muammo qisqa muddatda o‘z yechimini topdi.

Past Darg‘om tumanida faoliyat yurituvchi “Shamshodbek Mexrochbek” MChJ rahbari futbol maydonchasi qurish maqsadida “Agrobank”dan kredit ololmayotganini ma’lum qildi. Uning murojaati o‘rganilgach, tez orada 220 million so‘m kredit ajratib berildi.

Shuningdek, Oqdaryo tumanida faoliyat yurituvchi “Sevara” xususiy korxonasi rahbari F.Omonov “Turonbank”ning Loish filialidagi hisob raqamiga qo‘yilgan ta’qiqni olib tashlashda amaliy yordam so‘radi. Ushbu masala ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, hisob raqamiga qo‘yilgan taqiq 2 kunda olib tashlanishi ta’minlandi. Bu chorani qo‘llagan mansaabdor shaxs esa ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Shodibek HAMROYeV,

Biznes-ombudsman xodimi.