Sankt-Peterburgda 24 yoshli o‘zbek yigiti yashin urishi natijasida vafot etdi

Mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra 2019 yilning 7 iyun kuni Leningrad viloyatida qurilayotgan ob’yektda yashin urishi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi 11.02.1995 yilda tug‘ilgan Zuxriddin Rashid o‘g‘li Yusupov vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar ma’lum qilindi.

Xabarda qayd etilishicha, Bosh konsulxona o‘lim fakti yuzasidan tekshiruv o‘tkazayotgan Sosnovoborsk tumanlararo tergov bo‘limi bilan aloqa o‘rnatgan va vaziyatni nazoratga olgan.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi va eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida joylashgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.