Sankt-Peterburgdan amalga oshirilgan charter reysning 86 yo‘lovchisida, Qozog‘iston chegara postidan kirib kelgan 99 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan

Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi 14 kunlik tahliliga asosan: 17 ta charter reyslar bilan olib kelingan 4056 nafar, chegara o‘tkazish postlari orqali mamlakatimiz hududiga kirib kelgan 11 216 nafar hamda muloqotda bo‘lganlar bilan birgalikda hisoblanganda jami 20 035  nafar fuqarolar statsionar karantinga olingan.

Shu davrda 734 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, shundan 283 nafari Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi Karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasidan tasdiqlandi.

Tahlillarga ko‘ra, xorijdan charter reyslar bilan olib kelinganlar orasida eng ko‘p kasallanganlar 14 may kuni Sankt-Peterburg shahridan olib kelingan fuqarolarda aniqlanib, 86 nafarni tashkil etdi.

Chegara o‘tkazish postlari orqali kirib kelganlar orasida eng ko‘p kasallanish holati esa Qozog‘iston Respublikasidan “G‘ishtko‘prik” chegara postidan kirib kelgan fuqarolar orasida aniqlandi. Ularning soni  99 nafar.

Ayni paytda davlat byudjetidan statsionar sharoitda tibbiy kuzatuvda bo‘lgan har bir fuqaroning bir kuni uchun o‘rtacha 153 ming 700 so‘m sarflanmoqda.

14 kunlik karantin kuzatuvi muddati davomida kasallik aniqlanmagan va karantin muassasasida kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lmagan fuqarolar maxsus ajratilgan transport vositalarida o‘z manzillariga yetkazib qo‘yilmoqda.