Sanoatning muhim yo‘nalishlaridagi imkoniyatlar

25 dekabr kuni davlatimiz rahbari hududlarda elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi yildagi vazifalar belgilab olindi.

– Ushbu uch yo‘nalishni Samarqand viloyati misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, joriy yilning 11 oyi davomida 50 million AQSh dollari miqdoridagi elektrotexnika vositalari import qilinganini ko‘rishimiz mumkin, - deydi Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov. - Jumladan, kimyo sanoati bo‘yicha qariyb 74 million AQSh dollari miqdorida,  farmatsevtika sanotida esa 322 million AQSh dollari qiymatidagi mahsulotlarning import qilinganligi ushbu yo‘nalishlarda viloyatda juda katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi. Masalan, elektrotexnika yo‘nalishida joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 32 million AQSh dollariga teng 13 ta loyihani ishga tushirdik. Kelgusi yilda bu yo‘nalishda 1 milliard 518 million AQSh dollarlik 83 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Kimyo sanoatida joriy yilda 46,9 million AQSh dollari miqdoridagi 27 loyiha ishga tushirilgan bo‘lsa, kelgusi yilda 733 million AQSh dollarilik 53 ta loyihani amalga oshiriladi. Farmatsevtika yo‘nalishida esa joriy yilda qiymati 29 million AQSh dollariga ega 6 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lsa, 2024 yilda 211 million AQSh dollari qiymatidagi 16 ta loyihani amalga oshirish maqsad qilingan. Kelgusi yilning 25 yanvariga qadar har bir loyiha ekspertizadan o‘tkazilgan holda aniq chora-tadbirlar asosida amaliyotga joriy qilinadi. Va yil davomida ushbu yo‘nalishdagi import mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib boriladi. Bunda xorijiy investitsiyalarning ulushi masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.