“Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatdan jabr ko‘rganlarga gumanitar yordam to‘planmoqda

“Yuksalish” umummilliy harakatining Samarqand viloyati bo‘linmasi faollari va “Vendo” kompaniyalari guruhi tashabbusi bilan keng jamoatchilik, tadbirkorlar, jonkuyar fuqarolarning ko‘magi va homiyligida Sirdaryoda ofatdan jabr ko‘rgan hamyurtlarimiz uchun xayriya yordamlari to‘planmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu aksiyadan xabar topgan ko‘plab fuqarolar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, issiq kiyim-kechaklar, yotoq uchun buyumlar va gigiyena vositalari olib kelinmoqda. Tashkilotchilar tomonidan xayriyalarning soni va turlari bo‘yicha hech qanday cheklovlar qo‘yilmagan.

To‘plangan mahsulotlar volontyorlar tomonidan saralanib, yuk mashinalariga joylanmoqda. Karantin cheklovlari sabab, belgilangan manzilga olib kelishga imkoni bo‘lmagan fuqarolarga xayriyalarini yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar beminnat xizmat qilishmoqda.

Aksiya davom etmoqda.