Sardobadagi suv toshqini oqibatida Qozog‘istonning 10 ta ovulini suv bosdi, 22 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi

Qozog‘iston janubida 10 ta qishloq suv ostida qoldi, 22 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi, deb ta’kidladi Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar berdi.

“O‘zbekistondagi “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni buzilishi oqibatida Turkiston viloyatining 10 ovulini suv bosdi. 22 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilindi va ularga yordam ko‘rsatilmoqda. O‘zbekiston hukumati bilan muzokaralar olib borilmoqda”, deb yozdi Toqayev Twitter sahifasida.

Turkiston viloyatida 3,6 ming gektar ekinzor suv ostida qolgan. Zararning dastlabki summasi – 955 ming dollar.

Yetti aholi punktidan 3 115 ming mol, 1101 ot, 585 qo‘y va 34 tuya xavfsiz hududga olib ketildi.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni soat 05:55 da “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan va Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga, Mirzaobod tumanidagi Navbahor, Haqiqat va Bahoriston MFYlari aholi yashash punktlariga qisman suv kirgan.

Oqibatda Qo‘rg‘ontepa, Do‘stlik, Yurtdosh MFYlaridan jami 11,6 ming nafar aholi xavfsiz joyga ko‘chirilgani haqida xabar qilingan edi.

“Sardoba” suv ombori o‘pirilishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelganligi holati yuzasidan JKning 207-moddasi 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Davlat xavfsizligi xizmati tergov harakatlarini amalga oshiradi.