Sardobalik talabalarimizni izlab...

Talabalarimiz orasida sirdaryoliklar ham bor. Shuning uchun mas’ullardan ularning manzillari va telefon raqamlarini olib, hol-ahvol so‘rashni, butun halqimiz qatori, institutimiz jamoasi ham ularga moddiy ko‘mak berishni maqsad qilib, ishga kirishganligini aytib, ularning ko‘ngillarini ko‘tarib qo‘yishni istagandik.

Falokat ko‘lamini televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatdik. Qutqaruv ishlarida halok bo‘lgan Milliy gvardiya serjanti, “alpinist sigirlar”, suv qaytgach, dalalarga sochilib ketgan baliqlardan tortib, evakuatsiya qilingan aholi uchun yaratilgan sharoitlar, ularga saxovatpesha xalqimiz tomonidan yuborilayotgan insonparvarlik yordamlari, hukumatimiz e’tibori – qo‘shiq kuylab, raqs tushayotgan bolakaylar va rahmat aytayotgan sirdaryoliklar haqida axborotlarni ko‘rib, eshitib boryapmiz.

Boshida sirdaryolik talabalar bilan gaplashish oson tuyuldi... Ammo savol berish o‘ylaganimizdek hecham oson emas, tilingiz aylanmay qolarkan.

“- Omonmiz, tirik qoldik, - dedi talabaning otasi telefonimizga javob berar ekan. - O‘g‘lim hozir yonimda emas, siz uning ustozimisiz? 3 kundan beri qoramollarimizni qidiryapmiz. U ham hozir sarson bo‘lib axtarib yurgandir. Harna bolalarning rizqi edi... Uylarimiz 3-4 metr suv ostida qolgan, faqat tomlari ko‘rinadi, hech narsani olishga ulgurmadik, faqat jonimizni asrab qoldik, xolos. Ko‘pga kelgan to‘y ekan-da, singlim!

...Tong sahar 5:00 lardan o‘tib, bizdan 3 uy naridagi qo‘shni ayolning qichqirig‘ini eshitib, kiyinib-kiyinmay uydan qochib chiqib, avtoulovda boshimiz oqqan tomonga yo‘l oldik. Xuddi kinolardagidek, dahshatli qora suv bostirib kelayotgandi... Jizzax viloyatining Dashtobod shaharchasi, Iqbol mahallasidagi qarindoshlarimizning uyiga joylashdik. Ular bizdan 45-50 kilometr uzoqda yashaydi, qo‘shni viloyatda. Ko‘p odamlar nima bo‘layotganini ham tushunmay, anglab-anglamay tepaliklarga qochib chiqdi. Ko‘pchilik hatto hujjatlarini olishga ham ulgurmagan.

Bizni o‘sha yerda ro‘yxatga olishdi. Xudo, deb o‘tiribmiz. Uy-joylarimiz suv tagida qolgan, lekin suvni qaytarish choralari ko‘rilyapti. Joylarda Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar idoralari va boshqa tashkilotlar vakillar yordam berishyapti.

Har kuni 100-120 kilometr yo‘l bosib kelib, mollarimizni qidiryapmiz. Yo‘lni suv bosgan, aylanib kelishga majburmiz. Mol-hollar 50 kilometr atrofga sochilib ketgan”.

Suhbatdoshimning ko‘nglini ko‘tarishga urindim:

- Bir yomonning bir yaxshisi bo‘ladi, hali yangi uy-joylaringiz bo‘ladi, o‘rni to‘lib ketadi, tushkunlikka tushmang. Shaxsan Prezidentimiz, xalqimiz Sizlar bilan! - dedim.

 

Gulchehra BERDIYoROVA.