Sariq qishlog‘ida yuz bergan mudhish YTH oqibatida 3 kishi vafot etdi

Bugun, 4 aprel kuni soat 00:50 da haydovchi, 28 yoshli F.Sh. “Spark” rusumli avtomashinasini Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani, Sariq qishlog‘idan o‘tuvchi “4P-96” avtomobil yo‘lining 3-kilometrida boshqarib ketayotgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan 24 yoshli F.X. boshqaruvidagi “Zil-130” rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir qilgan.

Oqibatda “Spark” avtomashinasi yonib ketib, haydovchi F.Sh. va uning yo‘lovchilari - 27 yoshli B.D. va 26 yoshli A.M.lar hodisa joyda vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Muborak tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti fuqarolardan karantin vaqtida avtotransport vositalarini tegishli ruxsatsiz va bemaqsad boshqarmasliklarini so‘ragan.