Saylov byulleteni qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?

Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulleteni shakli va matni esa viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan tasdiqlanadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda.

Saylov byulleteniga nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda, alifbo tartibida kiritiladi.

Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerak.

Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek, okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etiladi.

Saylov byulletenlari Brayl alifbosi asosida tayyorlanishi mumkin.