Sayyohlar Samarqand-Qarshi yo‘lida nega qolib ketgandi?

Joriy yil oktyabr oyning ilk kunlarida “Yaponiyadan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar guruhi harakatlanayotgan avtobus Samarqand-Qarshi avtomagistral yo‘lida ketayotib, yoqilg‘isi tugab, bir soatga yaqin vaqt davomida voqea joyida ushlanib qolganligi” haqida ma’lumotlar tarqalgandi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tegishli turistik tashkilot bilan birgalikda ushbu hodisa yuzasidan batafsil tekshiruv o‘tkazdi va ma’lumot berdi.

Ta’kidlash joizki, maqolada nazarda tutilgan turistlarga “Azim Travel Servis” MChJ tomonidan xizmat ko‘rsatilgan. Avtobus ham mazkur sayyohlik tashkilotiga tegishli bo‘lgan. Qarshi-Samarqand avtomagistralida harakatlanayotgan sayyohlar ijtimoiy tarmoqlarda keltirilganidek, yaponiyaliklar emas, aslida xitoylik bo‘lgan. 2 oktyabr kuni 22 kishidan iborat sayyohlar guruhining turistik marshruti Termizdan Buxoro shahri tomon yo‘nalayotgan bo‘lgan. Xitoylik sayyohlar guruhi qo‘shimcha maskanlarni ko‘rish istagini bildirgani bois avtobusni boshqarayotgan haydovchi Koson tumanidagi “Fayzullo qutlug‘ qadam” MChJga qarashli AYoQShda to‘xtagan.

Xitoylik sayyohlardan yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulaylik uchun “Azim Travel Servis” rahbariyati tomonidan uzr so‘ralgan. Shuningdek, ular kechki ovqat bilan mehmon qilingan va esdalik sovg‘alari ham topshirilgan. Xitoylik sayyohlar vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda O‘zbekistondagi sayohati mazmunli o‘tgani va bundan mamnun ekanliklarini bildirishdi. “Bizga ko‘rsatilgan xizmatlar, mehmondo‘stlik uchun chin dildan minnatdorchilik bildiramiz. O‘zbekistonga sayohat qilganimdan juda mamnunman. Kelgusida go‘zal va tarixiy diyoringizga yana bir bor sayohat qilishni niyat qildim”, deydi xitoylik turist Yan Lulu.

Shunday bo‘lsa-da, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan hodisa yuzasidan turkompaniya vakillari bilan suhbat o‘tkazilib, ulardan bunday vaziyat takrorlanmasligiga oid tushuntirish xati olindi. Yuqoridagi vaziyatda tajribasizlik qilgan xodimlarga hayfsan berildi hamda ularga professional xizmat ko‘rsatishga doir malaka oshirish tavsiya etildi.