Samarqandga sayyohlarni ko‘proq jalb qilishda milliy taom, oshxona madaniyatining o‘rni katta

Bu haqda Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetida o‘tkazilgan «Insoniyat va yer yuzi uchun gastronomik turizm kongressi: Innovatsiya, imkoniyatlar va barqarorlik» mavzusida xalqaro kongressda aytildi.

Turkiya Respublikasidagi Pamukqa’la universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilingan tadbirda gastronomiya turizmi rivojlangan va shu yo‘nalishda amaliy natijalarni qo‘lga kiritayotgan Turkiya, Indoneziya, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston kabi davlatlardan professor, olimlar tashrif buyurib, sohada amalga oshirish zarur bo‘ladigan tavsiyalari bilan fikrlashdi.

- Biz o‘tgan yili “Ipak yo‘li turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan gastronomiya turizmi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan edik, - deydi Pamukqa’la universiteti rektori Ahmet Kutluxon. - Mamlakatga turistlarni jalb etishda milliy taomlarning, oshxona madaniyatining katta o‘rni bor. O‘zbekiston o‘zining taomlari, nonlari bilan mashhur. Bu go‘zal madaniy boylikni juda chiroyli tarzda sayyohlarga taqdim etish turizm uchun juda muhim. Shu jihatdan o‘tkazayotgan anjumanimiz gastronomiya turizmining turli masalalarini muhokama qilayotganimiz bilan ahamiyatli.

Xalqaro kongress ishtirokchilari Samarqandning tarixiy va gastronomik turizmni rivojlantirish mukmkin bo‘lgan doylarni ko‘rish bilan birga bu sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdi, fikr almashdi, o‘z mamlakatlaridagi tajribalardan kelib chiqib tavsiyalar berdi.