Sayyohlarning Samarqandda qolish muddati o‘rtacha 2,6 kun, kunlik xarajatlari 152 dollarni tashkil etadi

Viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov turizm yo‘nalishidagi yangi loyihalar bo‘yicha jurnalistlarga ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, Samarqandga sayyohlar tashrifi soni oshish bilan bir qatorda qolish muddati ham uzaygan. Ularning hududda qolish kunlari 2021 yil bilan solishtirganda o‘rtacha 2,6 kunga yetgan. Sayyohlarning kunlik xarajatlari 120 AQSh dollaridan 152 AQSh dollariga o‘sgan.

Kelgusida sayyohlarning viloyatda qolish kunlarini yana bir kunga uzaytirish orqali turizm xizmatlari eksportini yiliga qo‘shimcha 14 million AQSh dollariga ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Qobilovga ko‘ra, sayyohlarning qolish davrlarini uzaytirish maqsadida joriy yilda 62 ta yangi turizm yo‘nalishlari tashkil etiladi. Bugungi kunda Nurobod, Qo‘shrabot, Urgut, Samarqand tumanlaridagi ekoturizm, qishloq, agro, sanoat turizm yo‘nalishlari turistlarning 20 foizini qamrab olgan.

Urgut tumanidagi Tersak, Payariq tumanidagi Choshtepa, Nurobod tumanidagi Oqsoy, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Andoqsoy va Qo‘shrabot tumanidagi Pangat qishloqlarini turizm qishlog‘iga aylantirish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ekstremal turizm yoki safar turizmi yo‘nalishida bugungi kunda yangi beshta yo‘nalish tashkil etilgan.

Bular:

- Amir Temur g‘origacha bo‘lgan Samarqand-Tarag‘ay yo‘nalishida jami 22 km. masofada;
- Alvastiko‘l-Sharshara yo‘nalishida bo‘lgan Samarqand-Omonqo‘ton-Kitob-Ayaqchisoy yo‘nalishida 80 km. masofada;
- Samarqand-Cho‘nqaymish yo‘nalishida 34 km. masofada;
- Dengiz sathidan 2 239 metr balandlikda bo‘lgan Samarqand-Ohalik-Kengqo‘tan yo‘nalishida 14 km. masofada;
- Samarqand-Sharshara yo‘nalishida 12 km. masofaga ega ekstremal turizm yo‘nalishlaridir.

Mazkur yo‘nalishlarda ekstremal turizmning alpinizm, tog‘ bo‘ylab piyoda yurish, velosipedda harakatlanish hamda spelio-turizm yo‘nalishlari tashkil etilgan.

Darvoqe, 1 iyun kuni Samarqand shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasini san’at va turizm ko‘chasiga aylantirish ishlari yakunlanib, topshirilish rejalashtirilgan.

15 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on tumanidagi suv ombori hududida cho‘milish havzasi ochiladi.

Avgust oyining boshlarida esa “Abadiy shahar” turistik markazi ochilishi rejalashtirilgan.

Gulruh MO‘MINOVA.