Sayyor qabul – aholi bilan muloqotning samarali usuli

Xalq davlat idoralariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.
Bugun bu fikr shunchaki balandparvoz gap emas, davlat organlari oldiga qo‘yilgan eng asosiy talablardan biri, xalq bilan muloqot qilishning bosh g‘oyasiga aylandi. Rahbarlar ham, aholi ham bunga o‘rgandi.

...Urgut tumanining Tegana mahallasida yashovchi Nargiza Xidirovaning yuragi xastalanib qoldiyu dunyo ko‘ziga tor ko‘rina boshladi. Nima qilsin, davolanishi uchun kerakli mablag‘i, daromadi yo‘q. Topgani ikki bolasi va ro‘zg‘oridan ortmaydi. Taqdirga tan berib, nima bo‘lsa, peshonamdan ko‘raman, deb yurganida mahalla-ko‘y maslahati bilan tuman hokimining sayyor qabuliga bordi. Dardini aytdi.

Ayni chog‘da bunday murojaatlar eshitilyapti, e’tiborsiz qolmayapti. Mablag‘ masalasida ham bugun mahalliy hokimliklarda imkoniyat bor, faqat homiylarga tayanib qolmagan, byudjetning orttirib bajarilgan qismidan deputatlar fikrini inobatga olib, hudud va aholi manfaati uchun foydalanish mumkin. Ayniqsa, aholi salomatligi, ijtimoiy himoyasi uchun ajratilayotgan mablag‘ salmog‘i yil sayin oshib bormoqda. Shuning uchun bugun hokimlar va boshqa rahbarlar, deputatlar xalqning oldiga borishdan, dardini eshitishdan cho‘chimaydi, qochmaydi.

Nargiza Xidirovaning murojaati darhol nazoratga olindi. Bemor tuman markaziy shifoxonasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, dastlabki davo muolajalari bajarildi. So‘ngra shifokorlar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarur, degan xulosaga keldi va buning uchun Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali tanlandi.

– Operatsiya uchun hokimlik tomonidan 25 million so‘m pul ajratildi – deydi N.Xidirova. – Avgust oyida Samarqanddagi shifoxonada yuragimga stent qo‘yishdi. Xudoga shukr, salomatligim tiklandi. Davlatimizdan, tumanimiz rahbarlaridan minnatdorman.

Tuman hokimligi devonxonasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon hokim va sektor rahbarlarining joylarda o‘tkazgan sayyor qabullari, shuningdek, fuqarolarning Xalq qabulxonasi va hokimlikka murojaatlari asosida ijtimoiy ko‘makka muhtoj 52 nafar bemorning salomatligini tiklash uchun ularning har biriga mahalliy byudjetdan 2 million so‘mdan 30 million so‘mgacha mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, yana o‘nlab fuqarolar saxovatpesha homiylar yordamida davolanib, oilasi bag‘riga qaytgan, 370 nafardan ortiq kishiga tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonalari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Statistik raqamlar, tumanda uy-joy ajratish yoki uni ta’mirlash, sog‘liqni saqlash, fermer xo‘jaliklari masalalarida murojaatlar ko‘p bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Birgina uy-joy va yer ajratish bilan bog‘liq murojaatlar o‘tgan yilning sakkiz oyida 616 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 592 ta qayd etilgan. Bu murojaatlarning 471 tasi bo‘yicha zarur choralar ko‘rilib, 12 tasi rad qilingan. Uy-joyga muhtoj, kam ta’minlangan 13 oilaga ikki va uch xonali uy qurib berilgan. Sog‘liqni saqlash yuzasidan tushgan 492 ta (o‘tgan yil 441 ta bo‘lgan) murojaatning 412 tasi ijobiy hal qilinib, fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mangitobodda OShP, Beshkapada maktab qurildi

Tuman hokimining joriy yil boshida Mangitobod mahallasidagi sayyor qabuli chog‘ida aholi hududdagi “Bobur” oilaviy shifokorlik punktining binosi yaroqsiz holga kelib qolganini aytib, ushbu masalada yordam so‘radi.

– Qabuldan so‘ng punktga borib, holat bilan tanishdik, – deydi Urgut tumani hokimi Botir Jabborov. – Bino rostdan ham ancha eski, yaroqsiz holga kelib qolgan ekan. Rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlashning imkoniyati yo‘q. Mahalliy byudjetning belgilangan rejasini ortib bajarsak hisobimizda pul bo‘lishini hisobga olib, mahalla oqsoqollariga binoni buzib, yangidan qurishga va’da berdim. Keyin bu masalani Kengash sessiyasiga kiritib, deputatlar roziligini oldik va 800 million so‘m mablag‘ ajratdik.

Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Dilshod Tog‘ayev aytishicha, qisqa vaqt ichida eski bino buzilib, uning o‘rnida zamonaviy loyiha asosida oilaviy shifokorlik punktining yangi binosi qurilibdi. Rostdan ham bino ko‘rkam, tibbiyot xodimlari va aholi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Ushbu muassasa faoliyati misolida hududdagi aholining tibbiy kartalarini har bir oilanikini alohida jildlarda saqlash yo‘lga qo‘yilibdi. Shuningdek, punkt yonida o‘n o‘rinli kunduzgi statsionar va tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etilgan. Bitta bo‘lsa-da transport vositasi bor. Aholi va tibbiyot xodimlari “shu paytgacha shu ham yo‘q edi, qishloqda birovning mazasi qochib qolsa, qiynalib qolardik, boriga shukr” deyishdi. Tuman markazidan 20 kilometr olisdagi hudud aholisi endilikda shu yerda zarur tibbiy xizmatdan foydalanib kelmoqda.

Yuqori Beshkapa mahallasi tumandagi eng katta hududlardan biri. Qishloqning bir tomonidan ikkinchi tomonigacha bo‘lgan masofa 6-7 kilometrdan kam emas. Hozirda bu yerda to‘rtta maktab faoliyat ko‘rsatadi, lekin baribir o‘quvchilar uchun masofa uzoqlik qiladi – 3-4 kilometr yo‘l bosishga to‘g‘ri keladi. Shu sababli ota-onalar 94-umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘tgan asrning saksoninchi yillarida hashar yo‘li bilan qurilgan qo‘shimcha binosini yangilash yuzasidan murojaat qildi.

– Bu hududdan maktabimizgacha masofa 4 kilometr, – deydi maktab direktori Jamshid Rashidov. – 300 nafarga yaqin 1-5 sinf o‘quvchilari shu yerdagi qo‘shimcha sinfxonalarimizda o‘qiydi. Ammo bino ancha eski bo‘lib qolgandi. Aholining murojaatidan so‘ng paxsa devorli maktab buzilib, uning o‘rnida sendich paneldan 6 ta sinfxona, 2 ta o‘qituvchilar xonasiga ega bino qurildi. Bu ishlar ikki oy ichida amalga oshirildi. Buning uchun mahalliy byudjetdan 700 million so‘m mablag‘ ajratildi. Yaqin kunlarda bino foydalanishga topshiriladi va o‘quvchilarimiz qulay sharoitda o‘qishni davom ettiradi.

Yuqori Beshkapaning kengayib ketgani va aholi soni oshib borayotgani sababli joriy yilda mahalla bo‘linib, Mingbog‘ mahallasi tashkil etilgan. Yangi mahalladagi, 2021 yilgacha 134-maktabning filiali sifatida faoliyat ko‘rsatgan va hozirda 155-raqam bilan yuritilayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi moslashtirilgan binoda bo‘lgani sababli mazkur muassasa ham aholining murojaatlari asosida ta’mirlanmoqda. 300 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladigan maktab ta’miriga mahalliy byudjetdan 200 million so‘m ajratilgan. Bundan tashqari, maktabni ta’mirlash ishlariga homiylar ham jalb etilgan.

Payshanba – sayyor qabullar kuni

Urgutda haftaning payshanbasi sayyor qabul kuni, deb belgilangan. Tuman hokimi va sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi mudiri shu kuni joylarga chiqib, aholining murojaatini eshitadi.

Kecha tuman istirohat bog‘idagi sayyor qabulda 90 dan ortiq fuqaro o‘zini qiynayotgan masalalar yuzasidan tuman rahbarlariga murojaat qildi.

Jumladan, 23 nafar xotin-qiz subsidiya asosida uy-joy bilan ta’minlash, 12 nafar shaxs bolalar nafaqa puli ajratish, 11 nafari aliment masalasida, 12 nafar fuqaro davolanishi uchun mablag‘ kerakligi yuzasidan, shuningdek, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha rahbarlarga o‘z dardini aytdi.

Murojaatlarning 21 tasi shu yerning o‘zida hal etildi. 32 tasi yuzasidan tegishli tushuntirish berildi, qolgan murojaatlar ham belgilangan tartibda nazoratga olindi.

Jumladan, Omonqo‘ton mahallasida yashovchi G.Do‘staliyeva uy-joy qurilishini boshlagani, ammo uyning tomini yopish va eshik-deraza o‘rnatishda qiyinchilikka duch kelayotganini aytib, tuman hokimidan yordam so‘radi. Ushbu fuqaroga homiylar jalb etilgan holda 30 dona shifer va 2 donadan eshik va deraza olib beriladigan bo‘ldik.

Ispanza mahallasidan kelgan, nogironligi bo‘lgan D.Muhammadiyevaning uy-joy masalasidagi murojaati ham ijobiy hal qilindi.

– Yolg‘iz onaman, bir nafar farzandim bor, – deydi D.Muhammadiyeva. – Akamning uyida yashayman. Shuning uchun uy so‘rab kelgandim. Do‘stlik mahallasida qurilayotgan ijtimoiy uylardan ikki xonalisi berilishini aytishdi. Bandligimni ta’minlash va daromad olishim uchun yaqinda subsidiya asosida tikuv mashinasi berishgandi. Hokimligimizdan minnatdorman, baraka topishsin.

Qabul davomida shu kabi murojaatlar ko‘p bo‘ldi. Lekin ularning hammasi ham qanoatlantirilmadi. Tani-joni sog‘, eri yoki xotini, farzandlari bo‘la turib, moddiy yordam so‘rab kelgan kishilarga ish taklif etildi. Mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratishi, daromad topishi kerakligi tavsiya qilindi.

– Sayyor va ommaviy qabullar, rahbarlarning aholi bilan bevosita muloqoti yo‘lga qo‘yilganda haqiqatdan ham ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan bilan birga davlat yordam berar ekan, deb ayrim boqimanda kishilar ham qabullarga kelgani ko‘p kuzatilardi, – deydi Urgut tumani Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Farmon Azizov. – Boshida ularga ham yordam berilgandi-da. Keyinchalik ular bu ishni odatga aylantirib olgach, ularga mehnat qilishi uchun ish taklif qilinyapti, hatto, tomorqasidan daromad olishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat berilyapti. Qolaversa, mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” tashkil etilib, aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamiga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Aholini kambag‘allikdan chiqarishning aniq mexanizmi joriy etildi. Shu kabi omillar va rahbarlarning aholi bilan doimiy muloqotlari natijasida sayyor qabullarda ham murojaatlar ham kamaydi. O‘zimiz ham guvoh bo‘lganmiz, ilgari qabullarda bir necha yuzlab odamlar kelardi. Hozir esa yuz nafarga ham bormayapti. Odamlar ham qaysi masalaga qayerga, qanday holatda murojaat qilish kerakligini anglayapti.

Statistik raqamlar ham oqsoqolning fikrlarini tasdiqlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning sakkiz oyida tuman hokimligiga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 5700 dan ortiq murojaat tushgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 5005 tani tashkil etgan. Mazkur murojaatlarning 4025 tasi yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Umuman, joriy yilning sakkiz oyida tuman, viloyat va respublika idoralarida urgutliklarning 8840 ta murojaati qayd etilgan (o‘tgan yil bu raqam 9264 ta bo‘lgan) va murojaatlar 5 foiz kamayishiga erishilgan.

Aslida bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosini inson qadrini ulug‘lash, uning manfaatlarini himoyalash tashkil etilmoqda va bu orqali ko‘plab ijtimoiy muammolar hal etilmoqda. Bu esa aholi turmush tarzida o‘z ifodasini topyapti, ko‘plab masalalarning yechimiga yo‘l ochmoqda.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat).