Sayyor qabul chog‘ida 12 kishi jazodan ozod qilindi
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 11 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Isakov hamda Oliy sud sudyalari Jomboy va Samarqand tumanlaridagi Xalq qabulxonalarida ommaviy sayyor qabullar o‘tkazdi.
Aholining turli qatlamlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralarni ko‘rish maqsadida o‘tkazilgan qabullarda 200 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etdi.
Qabullar jarayonida qayd etilgan 57 murojaatning 27 tasi joyida qanoatlantirildi, 16 tasi bo‘yicha asosli tushuntirish berildi va 14 tasi nazoratga olinib, ijroga yo‘naltirildi.
Murojaatlar asosida 12 nafar fuqaro jazodan shartli ravishda ozod qilindi, yana 12 kishiga tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi.
Jumladan, fuqaro A.Sobirov 2018 yil 4 dekabr kuni ISUZU avtotransport vositasini Urgut tumani Mergancha mahallasi hududida boshqarib kelayotib, yo‘l harakati qoidalarining bir qator bandlari talablarini buzishi oqibatida piyoda O.Hamidovni urib yuboradi. Yo‘lovchi og‘ir tan jarohati oqibatida vafot etadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudidan ma’lum qilishlaricha, mazkur holat yuzasidan ochilgan jinoyat ishi asosida sud A.Sobirovni 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan.
Jinoyat ishi apellyasiya instansiyasida ko‘rilganda jabrlanuvchi sudlanuvchiga nisbatan bo‘lgan da’vosidan voz kechgani, uni qamoqdan chiqarishni so‘ragani va boshqa omillar hisobga olinib, A.Sobirovga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, qamoqdan ozod qilindi.