Sayyor qabul natijalari qanday?

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov 24 noyabr kuni Paxtachi tumanida sayyor qabul o‘tkazgan edi.

Viloyatdagi barcha korxona-tashkilot, boshqarmalar boshliqlari ishtirok etgan qabulda 500 dan ziyod masalalar bo‘yicha murojaatlar ko‘rib chiqilgandi. Murojaatlarning aksariyati joyida hal etilgan bo‘lsa, yechimiga vaqt talab qiladigan muammolar tegishli tashkilot mas’ullari zimmasiga yuklatilgan edi.

Jumladan, tumanning Jahonobod mahallasida yashovchi Yulduz Aliqulova tikuv mashinasi so‘rab murojaat qilgan.

– Ikkinchi guruh nogironiman, – deydi Yu.Aliqulova. – O‘zim 20 yildan buyon quroqchilik, ko‘rpa-yostiq tikish bilan shug‘ullanaman. Tuman miqyosida o‘tkazilayotgan tanlovlarda ham faol ishtirok etaman. Sharoitim biroz og‘ir bo‘lganligi uchun viloyat hokimiga yordam so‘rab murojaat qilgandim. Ertasi kuni mutasaddilar uyimga tikuv mashinasini o‘rnatib ketishdi.

– Mahallamizda ichimlik suv yo‘qligidan aziyat chekayotgan edik, – deydi Yangobod mahallasida yashovchi Irodaxon To‘xtayeva. – Tumanimizda o‘tkazilgan sayyor qabulda bunga alohida e’tibor qaratildi. Viloyat "Suvoqova" davlat unitar korxonasi tomonidan mahallamizga salkam bir kilometr uzunlikda ichimlik suv quvuri yotqizilib, bu muammo bartaraf etildi. Mahallamiz ahli davlatimiz xalq dardini tinglab, muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etadigan bunday tizimni joriy etganidan behad xursand.

B.XONKELDIYeV.