Sel toshqini saboq bo‘ldimi?
Hammaning xabari bor, bahordagi seryog‘in kunlarda nafaqat viloyat, hatto ayrim tuman markazlarida ham ariq va kanallardagi suvlarni boshqarishda to‘planib qolgan kamchiliklarimiz ayon bo‘lib qoldi. To‘g‘ri, tezkor chora ko‘rilib, vaziyat bartaraf etildi.
Prezident ko‘rsatmasi asosida Samarqand shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi qoshida aynan suv yo‘llarini tartibga soluvchi bo‘linma tashkil etildi. Viloyat hokimligidagi yig‘ilishda bu bo‘linma faoliyati muhokama etildi. Ariq va kanallarni tartibga keltirish, ular atrofini noqonuniy qurilgan binolardan tozalash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Mayli, bu topshiriqlar vaqti kelib so‘ralar, ijro ham bo‘lar. Ammo meteorologlar qisqa muddatda yana seryog‘in kunlar bo‘lishini aytmoqda. Biz esa sel oqibatlarini tugatishdan nariga o‘tmayapmiz.
Men bu gapni bejiz aytmayapman. Amaldagi qonunlarda ariq va kanallar qirg‘og‘ida 12 metrlik hududda inspektorlik xizmati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Lekin qirg‘oqku mayli, biz kanallar ustiga ham imorat qurib oldik. Yillar davomida ariqlar binolar orasida qolib ketdi, hatto oqova suv va hojatxonalarni ham tarixiy ariqlarga boshqarib qo‘ydik.
Ishoning, hozir ham ahvol o‘zgargan emas. Aksincha, olg‘ir kimsalar noqonuniy imoratlarni allaqachon «qonuniylashtirib» olishdi. Bilaman, yig‘ilib qolgan muammoni bitta qaror yoki harakat bilan hal qilib bo‘lmaydi. Ammo meni bir holat tashvishga solyapti.
Nega biz noqonuniy imorat egalari bilan jamoatchilik ishtirokida suhbatlashmaymiz? Nega shahar va ayrim tumanlar markazlaridagi ko‘milib yoki kichrayib qolgan ariqlar, kanallar taqdirini jamoatchilik bilan muhokama qilmaymiz? Nega bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda, hokimliklar veb-saytlarida, gazeta, televideniyeda bong urmaymiz? Ariqlar qirg‘oqlarini obodonlashtirish bo‘yicha arxitektorlar o‘rtasida nega tanlov e’lon qilmaymiz? Nega aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar uyushtirmaymiz?
Hatto saytimizda va «Zarafshon» gazetasida shu yil 22 avgust, 106-sonida chop etilgan «Suv yo‘llari qachon tartibga tushadi?» sarlavhali maqolam yuzasidan ham na mutasaddilardan javob oldik, na jamoatchilik munosabat bildirdi.
Bu ishni bitta tashkilot gardaniga tashlab qo‘yish bilan ish bitmaydi. Toki har bir samarqandlik o‘z maskani, o‘zi yashab turgan joyni obod, farovon qilishni asosiy burch deb anglamas ekan, biz bu borada ko‘ngildagidek natijaga erisha olmaymiz.
Demoqchimanki, o‘z shahrimiz, o‘z mahallamizdan o‘tuvchi, yerga jon, bizga go‘zallik bag‘ishlovchi ariqlarni hurmat qilishni o‘rganaylik. Siz nima deysiz?
Adham Hayitov.