Senat raisi Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ishlari bilan tanishdi

21 may kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahriga tashrif buyurdi.

Joriy yilning 13 may kuni Prezidentimiz raisligida o‘kazilgan videoselektor yig‘ilishida Kattaqo‘rg‘on shahrining ham rivojlantirilishiga alohida to‘xtalib, vazifalar belgilangan edi. Bunda asosiy e’tibor Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlaridagi 1 ming 200 gektar lalmi va yaylov yerlarni Kattaqo‘rg‘on shahri aholisiga foydalanishga berish orqali 5 ming kishini ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yilgandi.

Ularning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahrida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Ishchi guruhi tomonidan tegishli dastur loyihasi ishlab chiqildi.

Tashrif mobaynida T.Norboyeva aholi, xususan, tadbirkorlar murojaatlariga e’tibor qaratib, ishbilarmonlar tomonidan taqdim qilingan 100 dan ortiq loyihalar bilan tanishdi. Tadbirkorlarning muammolarini bartaraf etish maqsadida ularning banklar rahbariyati bilan uchrashuvini ham tashkil qildi.

Bundan tashqari, hududda madaniy-ko‘ngilochar maskanlarni barpo etish, bu boradagi ishlarni jadallashtirish ham Senat raisining e’tiboridan chetda qolmadi. Xususan, shaharda teatrni rivojlantirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Navbatdagi manzil, Ingichka shaharchasi, deb xabar qildi Senat axborot xizmati.

Senat raisi T.Norboyeva ushbu hududga tashrif buyurib, amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalarni ko‘zdan kechirdi.