Senat yalpi majlisi oldidan: Qonun loyihalari jamoatchilik muhokamasida
Bugun, 21 fevral kuni viloyatdan saylangan senatorlar, viloyat Kengashi doimiy komissiyalari raislari hamda deputatlik guruhi rahbarlari Oliy Majlis Senatining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalar yuzasidan fikrlashib oldilar.
Anjumanda jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirokida qonun loyihalari hudud va unda yashayotgan aholi manfaatlariga mosligi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan edi. Shundan kelib chiqib, parlament quyi palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi.
Muhokamalar davomida mazkur qonun yurtimiz fuqaroligi masalasida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
- Bugun birinchi navbatda, zimmamizdagi mas’uliyatni to‘g‘ri tushunishimiz kerak, - deydi Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev. – Qabul qilinayotgan qonunlar qanchalik xalqchil bo‘lyapti? U odamlarga nima beradi? Jamiyat yangi huquqiy hujjatlardan qanday naf ko‘radi? Asosiy vazifamiz ayni shu savollarga javob topishdan iborat.
Senator Gavhar Alimova esa bu qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar, yangi moddalar mazmun-mohiyati, umuman, yangi tahrirdagi qonunlarning mamlakat hayotidagi ahamiyati xususida gapirdi.
Qizg‘in muhokamalar davomida Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi, “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi hamda “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar yuzasidan fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.