Seuldan charter reys amalga oshiriladi. Yo‘lovchilarni kutib olmaslik so‘ralmoqda

2020 yil 8 mart kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Seul shahriga HY3553/3554 raqamli charter reysni amalga oshiradi.

Barcha savollar bo‘yicha, shuningdek, chipta sotib olish masalasida O‘zbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasiga va Uzbekistan Airways aviakompaniyasining vakolatxonasiga quyidagi raqamlar orqali murojaat qiling:

O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreya Respublikasidagi elchixonasi: +822-574-65-54, +822-577-36-60

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Seuldagi vakolatxonasi: +822-722-68-56, +8232-744-37-00

Ushbu qatnov Janubiy Koreya hududida koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning kuchayishi tufayli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda barcha reyslarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Har bir havo kemasida zamonaviy diagnostika va shaxsiy himoya vositalari, zarur bo‘lgan tibbiy preparatlar hamda virusologiya sohasidagi sog‘liqni saqlash xodimlari va mutaxassislari mavjud.

Bu qatnovning yo‘lovchilari vaqtinchalik joylashtirish punktiga yuboriladi. Shu munosabat bilan Toshkent shahar aeroportida yo‘lovchilarni kutib olmasligingizni so‘raymiz.

Kelish vaqti haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Yo‘lovchilarning vaqtincha joylashtirish punktida turishi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligining bosh qarorgohiga 71 276-49-66 telefon raqami orqali murojaat qiling.