Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shavkat Mirziyoyev Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari bir-birlarini hamda qardosh O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarini yaqinlashib kelayotgan bahor, yasharish va yangilanish bayrami – Navro‘z bilan samimiy qutladilar.

Ushbu ayyom azaldan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik rishtalari, mushtarak tarix, madaniyat va an’analar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan xalqlarimiz ma’naviy-madaniy yaqinliginining ifodasi ekani alohida ta’kidlandi.

Mamlakatlarimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, shuningdek, uning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga hamda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarining bugungi sur’atiga salbiy ta’sirini kamaytirish borasida ko‘rilayotgan qat’iy chora-tadbirlar to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Hukumatlar darajasida sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqildi, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.