Sherzod Kudbiyev: «Ishsizlik nafaqasi so‘rab hech kim murojaat qilmagan»
«Ishsizlik nafaqasini olish uchun kim murojaat qilmoqda? Aytish mumkinki, hech kim. Chunki ishsizlik nafaqasi funksional yoki iqtisodiy jihatdan vaznga ega emas», — dedi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev
O‘zbekistonda ishsizlik nafaqasi o‘zining iqtisodiy vazifalarini bajarayotgani yo‘q. Uning miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga tenglashtirish rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda gazeta.uz. Bu haqda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev ma’lum qildi. O‘tgan juma kuni vazirning jamoatchilik bilan ochiq uchrashuvida «Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri konsepsiyasi taqdim etildi.
Mehnat vaziri ishsizlik nafaqasi so‘rab deyarli hech kim murojaat qilmaganini ta’kidladi.
«Ishsizlik nafaqasi so‘rab kim murojaat qilmoqda? Aytishim mumkinki, hech kim. Chunki ishsizlik nafaqasi funksional yoki iqtisodiy vaznga ega emas. Bu nima degani? Bu vaqtinchalik ishsizlik uchun nafaqa yoki sug‘urta. Biroq hozirda oldingi ish haqining 70 foizini juda kam holatlarda olishadi, asosan eng kam ish haqining bir baravari — 202730 so‘m olishadi. Bu pul uchun deyarli hech kim bormaydi. Ishsizlik nafaqasi o‘zining iqtisodiy vazifasini bajargani yo‘q», — dedi u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ishsizlik nafaqasi miqdorini hozirda 577172 so‘mni tashkil etuvchi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM) darajasiga yetkazish rejalashtirilmoqda.
«Hozirda biz ishsizlik nafaqasini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM) darajasiga yetkazmoqdamiz, tez orada u bizda tayanch hisob-kitob kattaligi deb ataladi. Biz odamlarda qiziqish bo‘lishi, davlat esa xalq oldidagi konstitutsion majburiyatlarini bajarishi uchun ushbu kattalikka yetkazishni xohlamoqdamiz, biz odamlarni ishga joylashtirishga majburmiz. Agar biz ishga joylashtira olmasak, ishsizlik nafaqasini to‘lashga majbur bo‘lamiz. Iqtisodiy richaglar ishlashi uchun nafaqa miqdorini oshirishimiz kerak», — dedi Sherzod Kudbiyev.