Shimoliy Koreya navbatdagi yadro sinovini o‘tkazmoqchi

Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Pak Jin Shimoliy Koreya navbatdagi yadro sinovini o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda  Associated Press.

“Shimoliy Koreya navbatdagi yadro sinoviga tayyorgarlikni yakunladi, menimcha, yagona yetishmayotgan narsa,a bu - siyosiy yechim”, deya vazirning so‘zlarini keltiradi agentlik.

“Agar Shimoliy Koreya yana bir yadroviy sinov o‘tkazsa, bu bizning cheklov choralarimizni, shuningdek, xalqaro sanksiyalarni kuchaytiradi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Pak Jin Shimoliy Koreyani “qayta o‘ylab ko‘rish va to‘g‘ri qaror qabul qilishga” yana  bir bor chaqirdi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken, o‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar, Janubiy Koreya va Yaponiya Pxenyanning harakatlariga javoban harbiy strategiyalarni o‘zgartirishi mumkinligini ta’kidladi.

“Biz barcha kutilmagan vaziyatlarga hamkorlar bilan muvofiqlikda tayyorlanyapmiz, harbiy strategiyamizga qisqa va uzoq muddatli tuzatishlar kiritishga tayyormiz”, dedi Blinken.

Shimoliy Koreya 2017 yil sentyabrida shu paytga qadar so‘nggi oltinchi yadro sinovini o‘tkazgan edi. Shuningdek, yil boshida Pxenyan bir necha bor raketalarni sinovdan o‘tkazdi.