Shimoliy Koreya yadro quroli siyosati haqidagi qonun qabul qildi: Yadro qurolidan foydalanishga faqat bir kishi ruxsat bera oladi

KXDR Oliy xalq assambleyasi (OXA) “Yadro quroli bo‘yicha siyosat” deb nomlangan qonun qabul qildi, deb xabar berdi bugun, 9 sentyabr kuni Janubiy Koreyaning "Renxap" axborot agentligi.

Hujjat 7 sentyabr kuni ma’qullangan. U yadro qurolidan foydalanish tamoyillari va xavfsizlik choralarini belgilaydi. Unda yadro qurolidan foydalanishga buyruq berish huquqiga faqat mamlakat rahbari Kim Chen In ega ekanligi ta’kidlangan.

U sessiyadagi nutqida yadro siyosati endi qonun bilan amalga oshirilayotgani, Shimoliy Koreya esa AQShning dushmanlik siyosati tufayli hech qachon yadro qurolidan voz kechmasligini ta’kidladi.

Kim Chen Inning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar o‘z oldiga KXDRning “yadroviy qudratini yo‘q qilish” va “rejimimizni ag‘darish maqsadida o‘zini himoya qilish huquqidan voz kechishga majburlash” vazifasini qo‘ygan.

U Koreya yarim orolida AQSh tomonidan yaratilgan vaziyat sharoitida “yadroviy quroldan voz kecha olmaymiz” deya ta’kidlab, yangi qonun KXDRga hujum qilingan taqdirda avtomatik yadro zarbasi berishga ruxsat berishini ogohlantirdi.

Avvalroq Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSh Pxenyan yangi yadro sinovini o‘tkazsa, KXDRga nisbatan qattiqroq choralar ko‘rishga kelishib olgan edi.