Shimoliy Koreya yadroviy dastur uchun daqiqasiga 1221 dollar sarflaydi

Xalqaro yadroviy qurollarni bekor qilish kompaniyasi  (ICAN) tahlilchilariga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2021 yilda yadroviy dasturiga daqiqasiga 1221 dollar, jami 642 million dollar sarflagan.

ICANning "2021 yilgi yadroviy qurolga global sarf" hisobotida eng katta harbiy byudjetga ega davlatlar, jumladan, AQSh, Xitoy va Rossiya tomonidan qurol-yarog‘ga sarflangan xarajatlar smetalari keltirilgan, shuningdek, qurol-yarog‘ shartnomalari haqidagi ma’lumotlar jamlangan.

ICAN ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyada 20 ta tayyor yadro kallaklari mavjud. Pxenyan yer va suv osti kemalaridan uchiriladigan yadroviy raketalarni ishlab chiqmoqda. 2020 yilda Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning yalpi milliy daromadini 35 trillion vonga baholagan edi. Shimoliy Koreyaning harbiy xarajatlarini aniq aytishning iloji bo‘lmasa-da, janubiy koreyalik tahlilchilar 2009 yilda Pxenyan o‘z yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismini, ya’ni qurolli kuchlariga 8,7 milliard dollar sarflaganini aytmoqda. Demak, 2021 yilda Shimoliy Koreya yadro quroliga har daqiqada 1221 dollar sarflagan, deya xulosa qiladi ICAN.

Avvalroq Janubiy Koreyadagi mudofaa tahlil instituti Shimoliy Koreya yil boshidan beri raketa uchirish uchun taxminan 400-650 million dollar sarflaganini taxmin qilgandi. Ammo 2022 yilda KXDR jami 18 ta raketa sinovini o‘tkazdi, ko‘p uchuvchi raketa tizimi sinovlari bundan mustasno. Pxenyan 2021 yilda sakkizta raketa sinovini o‘tkazdi.