Shimoliy Koreyaning yuqori martabali mulozimi aeroportning o‘zida otib tashlangan
Shimoliy Koreaning AQShdagi maxsus vakili Kim Hyok Chol AQShga josuslikda ayblanib, tashqi ishlar vazirligining to‘rt mulozimi bilan birga Pxenyanda aeroportning o‘zida so‘roq qilinib, otib tashlangan, deb yozmoqda minbar.uz.
Janubiy Koreyaning "Chosun ilbo" gazetasining yozishicha, Kim Hyok Chol Shimoliy Koreya lideri va AQSh prezidentining Xanoydagi uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rgan.
Kim Chen In navbatdagi tozalovni boshlab yuborgan ko‘rinadi. Kim Hyok Chol bilan birgalikda muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rgan Kim Song Xe siyosiy mahkumlar lageriga yuborilgan.
Mamlakat lideriga muzokarada tarjimonlik qilgan Shin Xe Yong tarjimada adashib ketgani uchun siyosiy mahbuslar lageriga qamalgan.
Kim Chen Inning singlisi, mamlakatdagi eng ta’sirli shaxslardan bo‘lgan Kim Yo Chjon ham Xanoy uchrashuvidan keyin yo‘qolib qolgan.
Shimoliy Koreyaning "Rodong sinmun" gazetasi shunday yozadi: “Boshqalar oldida liderga hurmat ko‘rsatish, boshqa payt boshqa narsalarni o‘ylash aksilpartiyaviy, aksilinqilobiy harakat bo‘lib, bu bilan liderga nisbatan axloqiy sadoqat yo‘qoladi, bunday odamlar inqilobning og‘ir hukmidan qochib qutula olmaydi... Liderga sadoqatini aytib, ammo sharoitga qarab o‘zgaradigan betayinlar, xoinlar bor”.
Kim Chen In 2011 yili davlat tepasiga kelgandan beri bir necha marta tozalashlarni amalga oshirdi. 2013 yili u hatto o‘zining amakisi va ustozi Yang Song Tekni ham qatl qildirgan.
U hatto fe’l-atvori hurmatsizlikdek ko‘ringanlarni ham shafqatsiz jazolagan. 2016 yili xalq ta’limi vazirligining yuqori martabali mulozimi Ri Yong Jin majlisda uxlab qolgani uchun o‘limga hukm qilingan. Shundan bir yil avval Shimoliy Koreyaning sobiq mudofaa vaziri Xyon Yong Chol havo hujumiga qarshi raketa bilan o‘ldirilgan. Uning ham aybi harbiy parad vaqtida mudrab qolgani bo‘lgan.