Shkafdan chiqishga uringan va raqsga tushuvchi to‘y ko‘ylagi
Anna Bayker 1836 yilda Amerikaning Pensilvaniya shtatida Altun shahrida tug‘ilgan. Otasi Elmas Bayker badavlat odam edi. Oilada uch farzand – Devid, Anna va Silvestr bor edi.
Bir kuni Anna otasining korxonasiga tashrif buyuradi va chiroyli po‘lat quyuvchi yigitchani sevib qoladi. Yigitcha ham unga ko‘ngil qo‘yadi. Kambag‘al bo‘lsa-da u Annaning qo‘lini so‘raydi. Buni eshitgan ota g‘azabga minadi. Yalangoyoqqa turmushga chiqib bizni isnodga qo‘yasanmi, deb koyiydi. Agar qaroringdan voz kechmasang, men sendan voz kechaman, deydi.
Boyvachcha qizga uylanish nasib etmasligiga ko‘zi yetgan ishchi yigit qandaydir fermerning qiziga uylanib, kamtarona hayot kechirib ketadi. Anna esa to‘yga atalgan ko‘ylagini hech qachon turmushga chiqmaslikka qaror qilib shkafga ilib qo‘yadi. Ammo ko‘ylak to‘yda kiyilib, baribir raqsga tushadi. Anna uni qadrdon dugonasi Elizabet Bellga nikoh to‘yida qarz berib turadi.
Dugonasi unga xiyonat qiladi, rahmat aytish o‘rniga Annani qari qiz bo‘lib qolgani haqida g‘iybat tarqatadi. Buni eshitgan Anna umrining oxirigacha yolg‘iz o‘tadi. Iztirobda 1914 yilda vafot etadi.
Voqeaning qizig‘i shundan keyin bo‘ladi. 1941 yilda Annaning qarorgohi muzeyga aylantiriladi. Uning kelin ko‘ylagi maxsus oynavand shkafga eksponat sifatida osib qo‘yiladi. Xuddi qiz hozirgina tashqariga chiqqanu qaytib kelib kiyadiganday.
Uy-muzey xizmatkorlari bu ko‘ylakdan qo‘rqishadi. Ularning aytishicha, ko‘ylakda bezovta Anna Beykerning ruhi yashaydi. Vaqti-vaqti bilan ko‘ylak harakatga kelib, shkafdan chiqishga urinadi. Yenglari bilan vitrina oynasini uradi. Bu ko‘pincha yarim kechada ro‘y beradi. Bu vaqtda agar vitrinaga ko‘zgu tutilsa, unda nafaqat ko‘ylak, balki rangi oqargan qiz siymosi ham namoyon bo‘ladi. Muzey xodimlar la’nati ko‘ylakka qo‘l tekizishga qo‘rqishadi.
Bir necha yil avval xodimlardan biri eksponatning holatini tekshirish uchun uni qo‘lga oladi. Shundan keyin uning oilasida notinchlik bo‘lib, eri tashlab ketadi. Bunday hol bir necha marta bo‘lgan.
T.Shomurodov tayyorladi.