Shols: Ukrainaning alyanslarga a’zoligi masalasi kun tartibida yo‘q — Putin bilan Sholsning bugungi muzokarasi nima beradi?
Ukrainaning har qanday alyansga a’zo bo‘lishi masalasi hozirda kun tartibida emas. Bu mavzuning joriy kun tartibida yo‘qligi haqida Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Shols Kiyevning NATOga kirishi masalasini Moskva jiddiy tashqi siyosat mavzusiga aylantirayotganini g‘alati deb atadi. Kansler, shuningdek, Ukrainaning hududiy yaxlitligi Berlin uchun ustuvor masala bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
Avvalroq Shols Germaniya Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi va uning tomonida ekanligiga ishora qilgandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, dunyoning hech bir davlati Ukrainaga Germaniya kabi birdamlik ko‘rsatmagan. Nemis kansleri Berlinning qo‘llab-quvvatlashi Ukrainani yanada kuchli va mustaqil qilganiga amindir.
Germaniya kansleri Olaf Shols bugun Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, Ukraina inqirozi yuzasidan keskinlikni yumshatishga urinib ko‘radi. Tashrif arafasida Shols har qanday keyingi harbiy tajovuz "Moskva uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi" haqida ogohlantirib, Germaniya zudlik bilan deyeskalatsiya harakatini ko‘rish tarafdori ekanligini ta’kidladi.
Kecha Kiyevda Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar olib borgan Olaf Shols Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazishga chaqirdi. Kreml avvalroq Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv ehtimolini istisno qilmasligini, shu bilan birga Rossiya bunday uchrashuvdan qanday natija kutishini tushunishi kerakligini ta’kidlagan edi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibining aytishicha, yetakchilar Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha talablari, Ukraina inqirozi va “Shimoliy oqim-2” gaz quvurini muhokama qiladi. O‘tgan hafta AQSh prezidenti Bayden “Rossiya bosqinchisi bo‘lsa”, “Shimoliy oqim-2” to‘xtashini ochiqchasiga aytdi. Ammo shunda Baydenning yonida turgan Olaf Shols quvur masalasiga to‘xtalmoqchi bo‘lmagani ko‘rinib turardi.
Xullas ba’zilar Sholsning bugungi tashrifini "eng yomon csenariyning oldini olishga qaratilgan so‘nggi urinish" deb baholashsa, boshqalar uning missiyasini kam ambitsiyali va sa’y-harakat asosan muloqot kanallarini ochishdan iborat deb bilishadi.