Shvetsiyada irqchilikka qarshi norozilik namoyishida 30 ga yaqin avtomobilga o‘t quyildi

8 iyunga o‘tar kechasi Shvetsiyaning Geteborg shahrida bo‘lib o‘tgan irqchilikka qarshi norozilik namoyishida o‘ttizga yaqin avtomobilga o‘t quyildi, 40 nafar namoyishchi hibsga olindi. Ayni vaqtda besh nafar namoyishchi hibsda qolmoqda.

O‘tgan notinch tundan so‘ng Geteborg politsiyasiga ko‘plab moliyaviy zarar yetkazilganligi to‘g‘risida arizalar kelib tushmoqda. Jumladan, yondirib yuborilgan avtomobillar, sindirilgan do‘kon oynalari va hokazo.

Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, namoyishga 2 mingdan ortiq odam yig‘ilgan.

Shahar markazidagi vaziyat biroz tinchlanganidan so‘ng shaharning boshqa hududlarida o‘t qo‘yilayotgani to‘g‘risida xabarlar kela boshlagan. Shahar qutqaruv xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, ular bir vaqtning o‘zida sodir etilgan 15-20 ta yong‘inlarni bartaraf etishgan. Asosan avtomobil va chiqindi konteynerlariga o‘t quyilgan.