Si Szinpin Uxan shahriga bordi

Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin, mahalliy hukumat tomonidan koronavirusga qarshi olib borilayotgan kurashni nazorat qilish uchun bugun Uxan shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.

Xitoy yetakchisi yangi turdagi koronavirus tarqalish markaziga aylangan shaharga mahalliy vaqt bilan soat 10.00 (7.00 Toshkent vaqti) yetib keldi. Safar davomida u koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar va kasallikning oldini olish profilaktikasi bilan tanishdi. Si Szinpin Uxan shahrida tibbiy xodimlar, harbiylar, ijtimoiy ishchilar, jamoat xavfsizligi xodimlari, ko‘ngillilar, bemorlar va mahalliy aholi bilan uchrashadi.

Koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun maxsus bunyod etilgan “Xoshenshan” shifoxonasiga tashrif buyurdi. Bu yerda davlat rahbariga qisqa vaqt ichida barpo etilgan gospitalning qanday qilib bu qadar tez qurilgani, shifoxonaga bemorlarni joylashtirish, davolash va tibbiy xodimlarni kasallikdan himoya qilishda qanday chora-tadbirlar qo‘llanilayotganligi to‘g‘risida hisobot berildi.

Muassasada Si Szinpin bemorlardan hol so‘radi, tibbiy xodimlar bilan suhbatlashdi. U barchani o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga va epidemiya ustidan g‘alaba qozonishga chaqirdi.