Si Szinpin Xitoy AQSh bilan hamkorlik qilishi shartlarini aytdi
Xitoy rahbari Si Szinpin Pekin Vashington bilan muhim xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilishda hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Xitoyning AQShdagi elchisi Sin Ganning AQSh-Xitoy munosabatlari milliy qo‘mitasi qabulida o‘qib eshittirilgan maktubida aytiladi.
“Xitoy o‘zaro hurmat, tinch-totuv yashash va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan turli sohalarda aloqa va hamkorlikni mustahkamlash, muhim xalqaro va mintaqaviy va global muammolarni birgalikda hal qilishga tayyor. Bunda Xitoy-Amerika munosabatlarini sog‘lom va barqaror rivojlanish yo‘liga qaytarish uchun kelishmovchiliklarni bartaraf etish zarur”, - degan davlat rahbarining murojaati Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi saytida keltiriladi.
Si Szinpinning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlar dunyodagi eng muhim masalalarning biriga aylandi va hozir juda muhim tarixiy bosqichda. Hamkorlikdan ikkala davlat ham foyda ko‘radi, qarama-qarshilik esa ularga faqat zarar keltiradi. “Hamkorlik – yagona to‘g‘ri tanlov”, - deya xulosa qildi XXR Prezidenti.
So‘nggi yillarda Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi: Amerika hukumati bir necha bor Xitoyni asosiy tahdidlardan biri deb atagan va mamlakatlar o‘rtasida aslida savdo urushi ketmoqda. Buning ustida Tayvan muammosi ham keskinlikni oshirdi: Qo‘shma Shtatlar "Yagona Xitoy tamoyili»ga amal qilgan holda, Tayvanni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.