Singapurda 20 yilda birinchi marta ayol qatl etildi

Singapur hukumati qariyb 20 yil ichida birinchi marta giyohvand moddalarni sotish maqsadida saqlaganlikda ayblangan ayolga nisbatan o‘lim jazosini ijro etdi. Bu haqda Singapur Narkotiklar markaziy byurosi xabarida aytiladi.

Saridevi Jamoniy 2016 yilda hibsga olingan edi. Tekshirish chog‘ida uning yonidan 30 gramm geroin topilgan. 2018 yil iyul oyida sud uni o‘limga hukm qilgan. Apellyasiya o‘tgan yili rad etilgan.

Bugun, 28 iyulda Jamoniy osilgan.

Byuroning ta’kidlashicha, “o‘lim jazosi nafaqat giyohvandlar, balki ularning oila a’zolari va butun jamiyatga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi kabi o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llaniladi"

2004 yilda 36 yoshli yana bir ayol - Yen Mey Voyen giyohvand moddalar sotgani tufayli osib o‘ldirilgan.

O‘tgan yilning mart oyidan buyon mamlakatda giyohvand moddalar bilan bog‘liq ayblovlar bilan 16 kishi qatl etilgan. Hukumat o‘lim jazosini qo‘llash giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda samarali vosita, deb hisoblaydi.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha mustaqil ekspertlari Singapur hukumatini zudlik bilan o‘lim jazosiga moratoriy joriy etishga chaqirmoqda.