«Sizni qo‘llaringizdan tanidim»: Bulung‘ur tumani hokimi bayram arafasida aholi xonadonlarida bo‘ldi
Xalqimizda bayram kunlari yaqinlarni yo‘qlash kabi ezgu an’ana bor. Bulung‘ur tumanida ham yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz bayram – mustaqilligimizning 31 yilligi oldidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka-yolg‘iz va keksalar holidan xabar olinmoqda.
Ana shunday loyihalardan navbatdagisi Beshkuvi va Gulobod mahallalarida tashkil etildi. Tuman hokimligi hamda «Mahalla» xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan loyiha doirasida tuman hokimi Samandar Astonov va keng jamoatchilik vakillari nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yurtdoshlarimiz, shuningdek 100 yoshdan oshgan keksa onaxonlar holidan xabar oldi.
Tuman hokimi Beshkuvi mahallasida 1913 yilda tug‘ilgan Ruxsat momo hamda Gulobod mahallasida 1921 yilda tug‘ilgan Toshbuvi momo bilan bir piyola choy ustida dildan suhbatlashdi.
- Hali ham yostiqqa suyanmayman, odamni dangasa qiladi, - deydi Ruxsat momo. Onaxon shu kunlarda yong‘oqni po‘stlog‘idan ajratish bilan band ekan. Buni u kishining barmoqlariga o‘rnagan rangdan payqash mumkin. "Harna barmoqlarimga mashq bo‘ladi, bekor o‘tirgandan nima foyda", deydi onaxon suhbat davomida.
Toshbuvi ona esa tuman hokimi bilan suhbatlashar ekan, «Yaqinda ham kelgandingiz-a, o‘g‘lim», dedilar. Darhaqiqat, S.Astonov 8 mart bayrami arafasida ushbu xonadonda bo‘lgan edi.
– Sizni qo‘llaringizdan tanidim, o‘g‘limning qo‘liga o‘xshaydi, - deya qo‘shimcha qildi Toshbuvi momo.
Onaxonlar suhbat davomida yurtimiz tinchligi, vatanimiz ravnaqini tilar ekan, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishini so‘rab duoga qo‘l ochdi.