Sog‘liqni saqlash vaziri yig‘ilishga taklif kelmaganini aytdi, Senat esa buni rad etmoqda

Joriy yil 24 dekabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining umumiy ovqatlanish korxonalari va ta’lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini o‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda sog‘liqni saqlash vazirining mazkur masala yuzasidan axborot berishi ko‘zda tutilgan bo‘lishiga qaramasdan, vazirlik rahbariyati Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining rasmiy xatini (18.12.2019 yildagi 09-17/2549-sonli xat) e’tiborsiz qoldirib, noma’lum sabablarga ko‘ra, majlisda ishtirok etmadi.

Biroq sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov ushbu holatni batafsil o‘rganmasdan, shu yil 25 dekabrda Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Senat Kengashining kengaytirilgan majlisida ishtirok etish uchun yozma taklif kelib tushmaganligini bildirgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Oliy Majlis Senatining tegishli Qo‘mitasi xati 2019 yil 20 dekabr kuni feldaloqa xizmati orqali yetkazilgan va shu kuni soat 11.45 da Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimi tomonidan qabul qilib olingan.

Sog‘liqni saqlash vazirining mazkur xatti-harakatlari va vazirlikdagi ijro intizomini kuchaytirish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligi yuzasidan Oliy Majlis Senati tomonidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli xat yuborildi, deya ma’lum qildi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.