Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi yil tadbirlari va koronavirus bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi

Yangi yil bayrami yaqinlashgani sari barcha bayram tadorigini boshlab yuboradi. Bozorlar, do‘konlar odamlar bilan to‘lib-toshadi. Bu Yangi yilning avvalgilaridan farqli tomoni shuki, bu safar uni koronavirus bilan birga kutib olayapmiz.

Bu esa albatta, vaziyatga jiddiy qarashni taqozo qiladi. Yangi yil tadbirlari, sayllar, bayram tomoshalari kabi odam ko‘p yig‘iladigan yig‘inlar koronavirus tarqalishi uchun sharoit yaratib berishi turgan gap. Xo‘sh, mutaxassislar bu masalaga qanday qaraydi? CCV matbuot xizmati shu savol bilan vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi E’zozbek Rizayevga murojaat qildi:

–  Inson immun tizimi soatdek to‘g‘ri ishlab turishi uchun inson sog‘lom turmush tarziga rioya kilishi kerak, muntazam sport bilan shug‘ullanishi va zararli odatlardan voz kechishi shart. Bularning barchasi insonga bog‘liq bo‘lgan mezonlardir, – deydi E’zozbek Rizayev. – Lekin insonga bog‘liq bo‘lmagan mezonlar ham bor. Bular – tashqi muhitning noqulay bo‘lishi (o‘ta sovuq harorat yoki o‘ta issiq), kuchli shovqin (musiqa ohangi 80 detsibel va undan yuqori bo‘lishi), tashqi muhitda kislorod miqdorining kamayishi (yopiq povelion, tamaki tutuni, insonlar sonining ko‘p bo‘lishi) inson immun tizimining zo‘riqishiga olib keladi. Natijada, kasallik yuqtirib olish va kasallanish xavfi bir necha barobarga ortadi.

Mamlakatimizda karantin talablarining biroz yumshatilgani, davolanish ko‘rsatkichlarining 97 foizga yetgani - bu “biz koronavirusni yengdik” degani emas, albatta. Biz hozircha faqatgina bu ko‘rsatkichlarni mo‘tadillashtirishga muvaffaq bo‘ldik, xolos.

Endilikda kasallikni to‘liq yengish uchun ogohlikni yo‘qotmasligimiz kerak. Bu ishga har birimiz mas’ulmiz. Yurtimiz uzra bayram kayfiyati allaqachon tarala boshladi. Kecha asosiy qomusimiz – Konstitutsiya qabul qilingan kunni nishonladik. Oldinda esa Yangi yil bayrami eshik qoqmoqda.

Bayram chiroyli va xursandchilik bilan o‘tishini istagan holda biz, shifokorlar Yangi yil bayramini uyda, oila davrasida, ortiqcha dabdabasiz o‘tkazishni tavsiya qilamiz. O‘sha kuni mehmonga borish yoki mehmon chaqirish tavsiya etilmaydi.

Shuning uchun ham Respublika maxsus komissiyasi bayonotida viloyat, tuman va shaharlardagi bayram archalarini ochiq osmon ostida o‘rnatish tavsiya etildi.

Bayram korporativ o‘tirishlari, turli xil diskotekalar salomatligingizga jiddiy putur yetkazishi mumkin. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar hamda oliy o‘quv yurtlarida turli bayram tadbirlari va kechalarini tashkil etish yoshlar salomatligiga jiddiy xavf soladi.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini ko‘p iste’mol kilish nishon a’zolarimiz - o‘pka, jigar va buyrakning shikastlanishiga olib keladi. Bu holat immun tizimimizning susayishi va kasallikka chalinishi, shuningdek, kasalliklarning tez tarqalib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi dunyodagi epidemik vaziyat hamon tahlikali bo‘lib qolayotganini inobatga olib, mutaxassislarning tavsiyalariga amal qilish har birimiz uchun muhim ekanini eslatib o‘tadi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik har birimizning o‘z  qo‘limizda.

Asosiysi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi xorijiy mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda jamoat joylarida niqobdan foydalanishga jiddiy ahamiyat berish lozim. Respublika maxsus komissiyasining bayonotida ko‘zda tutilgan Yangi yil bayrami tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalarga amal qilish har birimizning sog‘lig‘imiz uchun nihoyatda muhimligini unutmaylik!