Sog‘liqni saqlashga ajratilgan milliardlar aholi salomatligida ko‘rinadi

Viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Oqbo‘tayev ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida sog‘liqni saqlash tizimiga o‘tgan yil davomida ajratilgan mablag‘lar haqida keltirilgan ma’lumotlarni yozadigan bo‘lsak, milliardlar  trillionlarga ulanadi va katta joyni egallaydi. Muhimlarini yozamiz.

- O‘tgan yil davomida pandemiya aksariyat byudjet tashkilotlari xodimlari oylik-maoshlariga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, ammo sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari xizmat haqlari hamda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ oldingi yillardan ortiq bo‘ldi, - deydi O.Oqbo‘tayev. – Bu yil ham ushbu tizimga ajratilayotgan mablag‘ o‘tgan yilgidan kam emas, aksincha ancha ortiq, mahalliy byudjetning 43 foizini tashkil qiladi. Hozirgi kunga qadar zamonaviy tibbiy uskunalar keltirilgani tufayli bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasida 385 nafar bolada operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi, ularning yashashi uchun imkon berildi. 27 nafar bolada murakkab operatsiyalar tig‘siz o‘tdi. Bundan tashqari,  viloyat kardiologiya dispanserida kattalar yuragida shunday operatsiyalar o‘tkazildi, eshitishdagi nuqsonni erta aniqlash, buyrak yetishmovchiligida gemodializ amaliyotini bajarish uchun sharoitlar yaratildi. Bularning barchasi milliardlab mablag‘ evaziga keltirilgan jihozlar yordamida amalga oshirildi.

Jurnalistlarni qiziqtirgan, ya’ni pandemiya paytida nega ba’zi shifokorlar o‘z mablag‘ini kerakli paytda ololmagani, bu moliya muassasasi tomonidan pul o‘z vaqtida ajratilmagani bilan bog‘liqmidi, sohadagi moliyaviy korrupsiya holatlari bo‘yicha savollarga ham batafsil javob berildi.

- Tekshiruvlarimiz natijasida koronavirus xastaligiga chalingan bemorlarni davolash ishlarida ishtirok etgan tibbiyot xodimlarining ba’zilari haqida buyruq ham chiqmaganligi kuzatilgandi, - deya izoh beradi viloyat moliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilshod Siddiqov. – Ba’zida soha xodimlarining huquqiy hujjatlarni o‘z vaqtida anglab olmaslik holatlari ham uchradi. Tekshiruvlarimiz davomida ularni aniqlab, tegishli choralar ko‘rildi.

Keyingi yillarda moliya sohasi shaffofligi ta’minlanayotgani, ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida byudjet mablag‘lari sarflanishiga oid ma’lumotlar o‘z vaqtida berib borilayotgani, murojaatlarni o‘rganish uchun kadrlar tayinlangani, moliyaviy masalalar viloyat miqyosida o‘z yechimini topayotgani e’tirof etildi.